Toshkent Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi ekologik nazorat inspektorlari poytaxtning Yunusobod tumani 4-mavzesida daraxtlarning noqonuniy ravishda kesilayotgani holatini aniqladi, deya xabar berdi O‘zbekiston Davlat ekologiya qo‘mitasi matbuot xizmati. Daraxtlarning kesilayotgani haqidagi xabar 4 iyul kuni @EcoControl_bot Telegram-boti orqali yuborildi.

Inspeksion tekshiruv natijasida diametri 68,7 sm, 69,1 sm, 51,2 sm, 61,4 sm va 78,3 sm bo‘lgan 5 tup daraxt noqonuniy kesilgani, yana 11 tup daraxtga qisman shikast yetgani aniqlandi.

Daraxtlarni kesish Metin Kommunal Servis kompaniyasi rahbari tomonidan tashkil etilgan, buning uchun M. Nabiyev va J. Iltanov yollangani ma’lum bo‘ldi.

Atrof-muhit va o‘simlik dunyosiga yetkazilgan umumiy zarar 163 mln 663 ming 929 so‘mga baholandi. Ishga oid materiallar prokuratura organlariga taqdim etildi.