Davlat xavfsizlik xizmatning xorijiy hamkorlar bilan olib borgan say’-harakati tufayli to‘rt bola — O‘zbekiston fuqarolari farzandlari Afg‘onistondan Vatanga qaytarildi, deya xabar qildi O‘zA. Ularning ota-onalari «Turkiston islom harakati» terroristik tashkiloti safida bo‘lgan.

1982 yilda Andijon viloyatida tug‘ilgan Farhod Hamroqulov dastlab ishlash uchun Rossiyaga ketadi. Keyinroq turmush o‘rtog‘i Ra’no Hamroqulova (1984 y.t.) va 3 nafar farzandi — Bibioysha (2003 y.t), Sherzodbek (2005 y.t.) hamda Osiyoxonni (2009 y.t.) o‘z oldiga chaqirib oladi.

Ekstremistik oqimlar ta’siriga tushib qolgan Farhod Hamroqulov 2013 yil oilasini olib, Ozarboyjon va Eron orqali Pokiston davlatiga boradi. U yerda ular «Turkiston islom harakati» xalqaro terroristik tashkilotiga qo‘shilib, bir necha yillar mobaynida sarson sargardonlikda hayot kechirishadi, deya qayd etdi O‘zA.

Oxir oqibat 2012 yilning avgust oyida Farhod Hamroqulov Pokiston hukumati qo‘shinlarining terrorchilarga qarshi o‘tkazgan harbiy amaliyoti natijasida halok bo‘ladi. Uning o‘limidan so‘ng 3 nafar farzandi bilan beva qolgan Ra’no Hamroqulova 2013 yil «Turkiston islom harakati» terroristik tashkilotining boshqa bir a’zosi bilan shar’iy nikoh quradi.

2014 yilning kuzlarida esa ular Afg‘onistonga ko‘chib o‘tishadi va qizi Rayyona tug‘iladi. Ammo, 2018 yil Ra’no Hamroqulova sargardonlikda orttirgan og‘ir xastalikdan vafot etadi.

Davlat xavfsizlik xizmatning xorijiy hamkorlar bilan olib borgan say’-harakati tufayli 2018 yilning avgust oyida ota-onasiz qolgan bolalarning 2 nafari — Osiyoxon va Rayyonalar O‘zbekistonga olib kelinib, bobosi va buvisi qaramog‘iga topshiriladi.

Joriy yilning may oyida Ra’no Hamroqulovaning Andijon viloyatida istiqomat qiluvchi onasi Kimyoxon Jakbarovaning qolgan ikki nafar nabirasini O‘zbekistonga qaytarish borasida yordam so‘rab Davlat xavfsizlik xizmatiga qilgan murojaatiga asosan, kuni kecha Bibioysha va Sherzodbeklar ham yaqin qarindoshlari bag‘riga qaytarildi.