Italiyaning Neapol shahri mezbonlik qilayotgan yozgi Universiadaning dzyudo bo‘yicha birinchi kun bahslari yakunlandi. Ushbu bellashuvlarda erkaklar va ayollar terma jamoasi jami 4 ta vaznda tatamiga ko‘tarildi. Bu haqda Jismoniy tarbiya va sport vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Erkaklar o‘rtasidagi bellashuvlarning +90 kg vazn toifasida Muhammadkarim Xurramov «A» guruhida amerikalik Kerr Mason Piper, vengriyalik Peter Arvai va Bogdan Voitsikni mag‘lub etib, yarim finalda yaponiyalik Kanta Nakano imkoniyatni boy berib qo‘ydi. Bronza medali uchun kechadigan bahsda esa polshalik Oleksiy Lisenko ustidan ishonchli g‘alaba qilgan Mahammadkarim delegatsiyaga ushbu universiadadagi ilk medalni taqdim etdi.

Shuningdek, -90 kg vazn toifasida Davlat Bobonov avvaliga saudiyalik Abdulrahmon Alrammanni, keyin yaponiyalik Goki Tajimani mag‘lub etib, chorak finalga yo‘l oldi. Ammo ushbu bosqichda u braziliyalik Gustavo Assis to‘sig‘idan o‘tolmadi.

Musobaqaning ayollar o‘rtasidagi bahslarning -70 kg vazn toifasida ishtirok etayotgan Gulnoza Matniyazova ilk bosqichda koreyalik Ye Von Lidan ustun keldi. Ammo ikkinchi ikkinchi davrada u rossiyalik Madina Taymazovaga imkoniyatni boy berdi. Bronza medali uchun o‘tkazilgan qo‘shimcha saralash bosqichida esa u dastlab Girdzuite Jioyya Fetterlini mag‘lub etishga muvaffaq bo‘ldi. Biroq hal qiluvchi bahsda germaniyalik Sara Mekelburgga imkoniyatni boy berib qo‘ydi.

+70 kg vazn toifasida Nodira Yo‘ldosheva italiyalik Debora Salani yengishga muvaffaq bo‘ldi. Ammo chorak finalda janubiy koreyalik Mi Jin Xan to‘sig‘idan o‘ta olmadi. Bronza medali uchun o‘tkazilgan qo‘shimcha saralash bosqichida esa uning yo‘liga fransiyalik Valentin Marshan to‘g‘anoq bo‘ldi.

Universiada dasturida dzyudo bo‘yicha musobaqalar 4−7 iyul kunlari o‘tkazilishi belgilangan bo‘lib, kelgusi kunlarda yana 6 nafar o‘zbekistonlik dzyudochi talabalar medallar uchun bahs olib boradi.