O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 5-iyul kuni bo‘lib o‘tgan videoselektor yig‘ilishida birinchi yarim yillikda davlat byudjetiga tushumlar natijadorligini tahlil qilindi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati xabar berdi.

Qariyb bir yil muqaddam, 2018-yil 29- iyunda “O‘zbekiston Respublikasining soliq siyosatini takomillashtirish konsepsiyasi to‘g‘risida” prezident farmoni qabul qilingan edi. Mazkur konsepsiya amalda tatbiq etilishi natijasida joriy yilning birinchi yarmida davlat byudjetiga 39 trillion 118 milliard so‘m yoki o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 1,6 barobar ko‘p mablag‘ tushdi.

Prognoz 8 foiz ortig‘i bilan bajarilgani hisobiga, mahalliy hokimliklar ixtiyorida qo‘shimcha 2,8 trillion so‘m mablag‘ qoldirildi. Jismoniy shaxslarning daromad solig‘i va ijtimoiy to‘lovlar stavkasi keskin kamaytirilgani natijasida 570 mingdan ziyod yashirin ish o‘rinlari legallashtirildi.

Lekin joylarda yangi soliq islohotlarini tizimli joriy etish, soliq tushumlarini ko‘paytirish va undirish borasida ayrim kamchiliklar ham uchrab turibdi. Masalan, bo‘sh turgan ob’ektlar va yer maydonlari negizida yangi korxonalar tashkil etib, soliqqa tortish bazasini kengaytirish borasida sustkashlikka yo‘l qo‘yilgan. Ayrim hududlarda prognoz yirik korxonalar va avvaldan soliq to‘lash amaliyoti hisobiga ta’minlangan, deyiladi xabarda.

Davlat rahbari bu kabi holatlar oqibatida milliardlab mablag‘larni byudjetga tushirish imkoniyati yo‘qotilganini ta’kidlab, tegishli vazirlik va hududlar rahbarlariga kamchiliklarni bartaraf etish, belgilangan vazifalar ijrosini qat’iy nazorat qilish bo‘yicha topshiriqlar berdi.

2020-yil 1-yanvargacha soliq tekshiruvlariga moratoriy e’lon qilingani qayd etilar ekan, Davlat soliq qo‘mitasiga xalqaro moliya institutlari bilan hamkorlikda, yil oxiriga qadar, soliq to‘lamaslik xavfini baholash imkoniyatiga ega elektron dastur yaratish vazifasi qo‘yildi.

Joriy yil 27-iyunda O‘zbekiston prezidentining “Soliq va bojxona imtiyozlari berilishini yanada tartibga solish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi farmoni qabul qilindi. Bu yangi soliq islohotlarining o‘ta muhim ikkinchi bosqichidir. Farmonga muvofiq, shu paytgacha qo‘llanilgan qo‘shilgan qiymat solig‘i bo‘yicha imtiyozlar 2019 yil 1 oktyabrdan boshlab bekor qilinadi. Bundan asosiy maqsad — ichki bozorda barcha tadbirkorlar uchun bir xil sharoit yaratish, sog‘lom raqobat muhitini shakllantirish.

Yig‘ilishda bu o‘zgarishlarning mazmun-mohiyatini aholi va tadbirkorlarga chuqur tushuntirish bo‘yicha bosh vazir rahbarligida tuzilgan Ishchi guruh shtabi va uning hududiy tuzilmalari ishini yanada jonlantirish vazifasi qo‘yildi. Qo‘shilgan qiymat solig‘ini to‘lashga o‘tadigan tadbirkorlik sub’ektlari va fermer xo‘jaliklari bilan manzilli ish tashkil qilib, ularning buxgalteriyasini yuritishga amaliy yordam berish zarurligi ta’kidlandi.

Prezident tadbirkorlardan soliq majburiyatini to‘liq bajarishni talab qilish bilan birga, ularning manfaatlarini himoyalash ham kerakligini qayd etdi.

Masalan, hozirda tadbirkorlar xomashyoni qo‘shilgan qiymat solig‘ini to‘lagan holda sotib oladi. Undan tayyor mahsulot ishlab chiqarib, sotganidan keyingina xomashyo narxidagi qo‘shilgan qiymat solig‘ini kamaytiradi. Bungacha tadbirkor o‘z aylanma mablag‘laridan vaqtincha foydalana olmayapti.

Shu bois davlat rahbari mutasaddilarga qo‘shilgan qiymat solig‘ini bir yo‘la hisobga olish va uni soliq to‘lovchiga qaytarish mexanizmini joriy etish bo‘yicha topshiriq berdi.