O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 5 iyul kuni birinchi yarim yillikda davlat byudjetiga tushumlar natijadorligini tahlil qilish va yangi vazifalarni belgilash masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi, deya xabar qildi davlat rahbari matbuot xizmati.

Oxirgi ikki yilda aholi, ijtimoiy va ishlab chiqarish ob’ektlarini uzluksiz elektr energiyasi va tabiiy gaz bilan ta’minlash borasida qator ishlar amalga oshirildi. Ushbu yo‘nalishdagi ishlarni yanada yaxshilash maqsadida tegishli tarmoqlarni modernizatsiya qilish, energiya tejamkor texnologiyalarni qo‘llash va xarajatlarni optimallashtirish talab etilmoqda. Bularsiz tarmoqlarning moliyaviy ahvolini yaxshilash va sohaga faol investitsiyalarni jalb qilish imkonsiz, deyiladi xabarda.

Shu bois mutaxassislar va xalq vakillari fikrlarini inobatga olib, aholi uchun tariflarni keskin oshirmasdan, inflyatsiya darajasiga yaqin miqdorda o‘zgartirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqilgan. Tarif islohotlari xalqqa yengil bo‘lishi uchun eng kam ish haqini ham oshirish rejalashtirilgan.

Prezident tariflarni tartibga solish bo‘yicha taklif etilayotgan islohotlarni aholiga to‘liq yetkazish zarurligini ta’kidladi.

Yig‘ilishda soliq islohotlarini targ‘ib qilish bo‘yicha Respublika ishchi guruhi a’zolari, shuningdek, mahalliy kengashlar deputatlari, iqtisodiyot va kommunal xizmat ko‘rsatish tashkilotlari mutasaddilari joylarga borib, har bir mahallada aholiga tariflar o‘zgarishining mazmun-mohiyatini tushuntirish bo‘yicha vazifalar belgilandi.

Yaqinda Senatning yalpi majlisida prezident elektr energiyasi narxlarini oshirish va ularni bozor darajasiga yetkazish energetika sohasiga sarmoyalarni jalb qilishning yagona chorasi ekanini ta’kidlagan edi.