Joriy yilning 6 oyi davomida Qashqadaryo viloyati tuman va tumanlararo iqtisodiy sudlari tomonidan Savdo-sanoat palatasi hududiy boshqarmalarining tadbirkorlar manfaatini ko‘zlab kiritgan 3 ming 224 ta da’vo arizasi ko‘rib chiqilgan. Bu haqda Qarshi tumanlararo iqtisodiy sudining sudyasi, yuridik fanlar nomzodi Husan Tursunov «Gazeta.uz"ga ma’lum qildi.

Shundan 2 ming 997 ta ariza qanoatlantirilib, 85 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ tadbirkorlar foydasiga undirib berilgan. Da’vo arizalarining 170 tasi rad etilgan, 25 tasi ko‘rmasdan qoldirilgan, 32 tasi bo‘yicha esa, ish yuritish tugatilgan.

Mazkur raqamlarning o‘zi ham Savdo-sanoat palatasining hududiy boshqarmalari tomonidan o‘z vaqtida kiritilayotgan da’vo arizalarining aksariyati asosli ekanini ko‘rsatmoqda. Binobarin, ko‘plab da’volar to‘liq qanoatlantirilib, tadbirkorlarning buzilgan huquqlari sud orqali tiklanmoqda.

Shu bilan birga, Savdo-sanoat palatasining Qashqadaryo viloyat hududiy boshqarmasi tomonidan tadbirkorlar manfaatini ko‘zlab iqtisodiy sudlarga taqdim etilayotgan da’vo arizalarining barchasini ham birdek asosli, sifatli, aniq hisob-kitoblar bilan qonun hujjatlarini to‘g‘ri qo‘llagan holda berilayapti, deb bo‘lmaydi. Gap shundaki, bunday da’vo talablari ko‘p hollarda huquqiy jihatdan lozim darajada asoslantirilmayapti. Da’vo bahosining aniq hisob-kitobi yo‘q, ba’zan esa, qo‘pol xato va kamchiliklarga ham yo‘l qo‘yilayotganligi aniqlanmoqda.

Eng achinarlisi, sud muhokamasi jarayonida manfaatini ko‘zlab da’vo arizasi taqdim etilgan tadbirkorlarga nisbatan mulkiy ziyon yetkazilishi holatlari ham uchrab turibdi. Bunday holat o‘sha da’vo talablari yetarlicha asoslab berilmagani oqibatida yuzaga kelayotgani achinarlidir.

Yanada aniq qilib aytganda, shartnoma shartlarini to‘g‘ri talqin qilmasdan, hujjatlarni to‘liq o‘rganmasdan, shoshma-shosharlik bilan sudga da’vo arizasi kiritilishiga yo‘l qo‘yilmoqda. Bu o‘z-o‘zidan, manfaati himoya qilinayotgan tadbirkor zimmasiga davlat boji xarajatlarini to‘lash majburiyati yuklanishiga sabab bo‘lmoqda.

Ayrim hayotiy misollarga murojaat qilamiz. Jumladan, sud tomonidan Savdo-sanoat palatasi hududiy boshqarmasining «Suhrobbek savdo lyuks» mas’uliyati cheklangan jamiyati manfaatini ko‘zlab, javobgar «GAMMA SERVICE INTERNATIONAL» xususiy korxonasidan 231 040 500 so‘m asosiy qarz va 115 520 250 so‘m penya undirish to‘g‘risidagi da’vo arizasi ko‘rib chiqildi.

Sudning 2019 yil 27 martdagi hal qiluv qarori bilan da’vo qisman qanoatlantirilib, 231 040 500 so‘m asosiy qarz va 1 328 482 so‘m penya undirilgan. Ammo da’voning 115 520 250 so‘m penya undirish haqidagi qismi asossiz ekanligi bois rad etilgan. Nima uchun?

Chunki taraflar o‘rtasidagi shartnomaning 6-bandiga ko‘ra, shartnoma shartlarini bajarmagan tomonlar har bir kechiktirilgan kun uchun jami to‘lanmay qolgan summadan 0,1 foiz penya to‘lashi belgilangan. Sud muhokamasi davomida aniqlangan holatlarga ko‘ra, javobgar qarzni to‘lashni 23 kun kechiktirgan bo‘lib, undan 6 469 134 so‘m penya to‘lash talab qilinishi mumkin edi.

Biroq hududiy boshqarmaning da’vo arizasida aynan shu kechiktirilgan 23 kunga asossiz ravishda 109 051 116 so‘m penya ortiqcha hisoblangan.

Bunday e’tiborsizlikka da’vogar «Dosanrus» mas’uliyati cheklangan jamiyati manfaatida javobgar «Spartak» xususiy korxonasidan 239 760 000 so‘m asosiy qarz, 119 880 000 so‘m penya undirish to‘g‘risidagi da’vo arizada ham yo‘l qo‘yilgan.

Gap shundaki, sudning 2019 yil 29 martdagi hal qiluv qa¬rori bilan da’vo qisman qanoatlantirilib, 239 760 000 so‘m asosiy qarz va 671 328 so‘m penya undirilgan. Da’voning 113 118 720 so‘m penya undirish talabi esa, asossizligi bois rad etilgan.

Natijada Iqtisodiy protsessual kodeksining 68-moddasida belgilangan isbotlash majburiyatiga ko‘ra, penya talabi va uning hisobi isbotlab berilmaganligi sababli uni qanoatlantirish rad etilib, manfaati himoya qilinayotgan «Suhrobbek savdo lyuks» mas’uliyati cheklangan jamiyatida 2 181 022 so‘m davlat boji undirilgan.

Shunday xato va kamchiliklar yana 5 nafar tadbirkorlik sub’ektining manfaatlarini himoya qilishda ham takrorlangan. Oqibatda qariyb 11 million so‘mga yaqin davlat bojini to‘lash majburiyati tadbirkorlar zimmasiga tushdi.

Mazkur holatlar bo‘yicha hududiy boshqarmaga nisbatan chora ko‘rish yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasiga taqdimnoma kiritildi. Bundan maqsad, albatta, kelgusida shu kabi holatlarning oldini olishdir.

Xulosa qilib aytganda, sudlar nafaqat nizolarni ko‘rib chiqadi, balki ehtimoliy nizolarning oldini olishga ham ko‘maklashadi. Shunday ekan, bu muhim jarayonlarda taqdim etilgan da’vo arizalari talablarining asosli va aniq hisob-kitoblarga asoslangan bo‘lishi sud uchun ham, manfaati himoya qilinayotgan tadbirkor uchun ham nihoyatda zarurdir.