Moskvadagi Rerixov muzeyi — Sharq Davlat muzeyi filiali direktori Tigran Mkrtichev Igor Savitskiy nomidagi Qoraqalpog‘iston Davlat san’at muzeyi direktor lavozimiga xalqaro tanlovda g‘olib bo‘ldi. G‘olib 4 iyul kuni Nukusda o‘tkazilgan ikkinchi bosqich xulosasidan so‘ng e’lon qilindi, deya xabar berdi O‘zbekiston Madaniyat vazirligi huzuridagi Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi.

Open Call tanlovi O‘zbekiston Madaniyat vazirligi huzuridagi Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi tomonidan fevralda e’lon қилинганedi. Nomzodlardan arizalar 15 iyungacha qabul qilindi. Birinchi bosqich yakunlari bo‘yicha olti nomzod — Tibo de Ryuyter (Germaniya), Tigran Mkrtichev (Rossiya), Sergey Pilyak (Rossiya), Gulshat Baymuratova (Qozog‘iston), Oktyabr Dospanov (Qoraqalpog‘iston) va Irina Petrushina (Qoraqalpog‘iston) tanlab olindi.

O‘tgan payshanba kuni nomzodlar muzeyda ekspertlar kengashi qarshisida taqdimotlarini o‘tkazib, yuzmayuz suhbatdan o‘tdi. Ekspert kengashi tarkibidan Savitskiy muzeyiga 30 yildan ziyod vaqt davomida rahbarlik qilgan Marinika Babanazarova ham o‘rin oldi. Hozirda u Madaniyat vazirligi huzuridagi Jamoatchilik kengashi raisi o‘rinbosari hisoblanadi.

Tigran Mkrtichev 1959 yilda Tverda tug‘ilgan, Toshkent davlat universetida «tarix» yo‘nalishida tahsil olgan. 2017 yildan Moskvadagi Rerixov muzeyi — Sharq xalqlari san’ati davlat muzeyi filialiga rahbarlik qilib kelayotgan edi.

U dunyoning turli mamlakatlaridagi mashhur muzeylarda tashkil etilgan 20 dan ortiq ko‘rgazmalarga kuratorlik qilgan. Bundan tashqari, Tigran Mkrtichev Samarqand, Buxoro va Termizdagi arxiologik ekspeditsiyalarga boshchilik qilgan. 2002 yildan buyon Rossiyada xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi.