O‘zbekiston IIV Yo‘l harakati qoidalari buzilgani aks etgan videozuvlarni qabul qilish uchun maxsus saytni ishga tushirdi. Videoyozuvni jo‘natgan shaxs qoidabuzardan undirilgan jarima hisobidan eng kam ish haqining 5 foizi miqdorida (hozirda — 10,1 ming so‘m) mukofotga ega bo‘lishi mumkin.

Videoyozuvlarni qabul qilish va ularni taqdim etgan shaxslarni rag‘batlantirish tartiblari O‘zbekiston hukumatining o‘tgan yil sentyabrdagi qarori bilan tasdiqlangan edi.

1 iyuldan boshlab jismoniy va yuridik shaxslar avtomobillaridagi videoregistratorlar yozib olgan qaydlar Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi qodeksga muvofiq protsessual qaror qabul qilish maqsadlarida ko‘rib chiqishga qabul qilinadi.

Davomiyligi 120 soniyadan ortiq bo‘lmagan, faqatgina videorestratorlardan (smartfonlardan emas) yozib olingan videoyozuvlar qoidabuzarlik qayd etilgan sanadan uch kundan kech bo‘lmagan muddatda jo‘natilishi kerak.

Videoda sodir etilgan qoidabuzarlik, transport vositasi rusumi va davlat raqami, qoidabuzarlik sodir etilgan sana va vaqt ko‘rinarli hamda aniq farqlanib turishi lozim.

To‘xtab turish qoidalari qayd etilgan videolarni ko‘rib chiqish uchun ikkita videofayl taqdim etilishi lozim (ikkinchi video birinchisidan eng kaida 10 daqiqa keyin tasvirga olingan bo‘lishi kerak).

Videoyozuvlarga o‘zgartishlar kiritish mutlaqo taqiqlanadi. O‘zgartirilgan yozuvlar ko‘rib chiqilmaydi (yozuv davomiyligini qisqartirib, qoidabuzarlik holati qayd etilgan qismni kesib olish bundan mustasno).

Videoyozuv uch kun davomida YHXBB ma’muriy inspektorlari tomonidan ko‘rib chiqilishi lozim. Agarda qoidabuzarlik bo‘yicha qaror qabul qilingan yoki ma’muriy ish qo‘zg‘atilgan bo‘lsa, yangi ish ochilmaydi. Arizachiga javom 15 kun ichida yuborilishi lozim.

Qoidabuzarlik to‘g‘risidagi videoyozuvni taqdim etgan shaxslar haqidagi ma’lumotlarni oshkor qilish taqiqlanadi.