Joriy yilning 29−30 iyun kunlari Ichki ishlar vaziri general-leytenant Po‘lat Bobojonov Xorazm, Samarqand va Sirdaryo viloyatlarida bo‘lib, hududlarda huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish borasida amalga oshirilayotgan ishlar, xodimlarning samarali xizmat olib borishlari uchun yaratilayotgan shart-sharoitlar bilan yaqindan tanishdi.

Bugun jamiyatning barcha sohalarida xalqimizning tinchligi va farovonligini ta’minlash maqsadida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar jarayonida ichki ishlar organlari xodimlari ham munosib ishtirok etmoqdalar.

Mazkur yangilanishlar sur’ati va ko‘lami, ichki ishlar organlari oldiga qo‘yilgan vazifalarning samarali amalga oshirilishi ko‘p jihatdan barcha bo‘g‘indagi rahbar va xodimlarning salohiyatiga, mas’uliyat va intilishiga bevosita bog‘liqdir.

Shu bois ham tarkibiy va hududiy ichki ishlar organlari zimmasiga huquqbuzarliklarni barvaqt oldini olish, jinoyat sodir etilishiga sabab bo‘luvchi omillarni aniqlash va bartaraf etish, jamiyatda jinoyatchilikka qarshi murosasiz kurashish muhitini yaratish bo‘yicha bir qator vazifalar yuklatilgan bo‘lib, bu borada keng jamoatchilik bilan hamkorlikda tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.

Joriy yilning 29−30 iyun kunlari Ichki ishlar vaziri general-leytenant Po‘lat Bobojonov Xorazm, Samarqand va Sirdaryo viloyatlarida bo‘lib, hududlarda huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish borasida amalga oshirilayotgan ishlar, xodimlarning samarali xizmat olib borishlari uchun yaratilayotgan shart-sharoitlar bilan yaqindan tanishdi.

Xususan, 29 iyun kuni Xorazm viloyatida tegishli soha va tarmoq rahbarlari, jamoatchilik vakillari ishtirokida o‘tkazilgan yig‘ilishni viloyat hokimi F.Ermanov kirish so‘zi bilan ochib, aholi turmush tarzini yanada yaxshilash borasidagi vazifalarni hayotga izchillik bilan tadbiq etishda ichki ishlar organlari xodimlarining ham alohida o‘rni borligini ta’kidladi.

Yig‘ilishda Ichki ishlar vaziri general-leytenant Po‘lat Bobojonov so‘zga chiqib, so‘nggi ikki yarim yil mobaynida Xorazm viloyatida jinoyatchilikni jilovlash va aholining osoyishtaligini ta’minlash borasida bir qator ishlar amalga oshirilganligini qayd etib, erishilgan ijobiy natijalar bilan bir qatorda, ayrim hududiy ichki ishlar organlari tomonidan jinoyatchilikning barvaqt oldini olish va huquqbuzarlikka qarshi kurashish borasida kamchiliklarga yo‘l qo‘yilayotganligiga e’tibor qaratdi. Mavjud kamchiliklarni qisqa muddatlarda bartaraf etish, jinoyat sodir etishga moyil bo‘lgan shaxslarni aniqlab, ular bilan ta’sirchan chora-tadbirlarni amalga oshirish yuzasidan mas’ul xodimlarga aniq topshiriqlar berdi.

Yig‘ilishda Xorazm viloyati Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i lavozimiga general-mayor D.Nazarmuhamedov tayinlanganligi yig‘ilganlar e’tiboriga yetkazildi.

Tashrif davomida Ichki ishlar vaziri general-leytenant Po‘lat Bobojonov Xorazm viloyati IIB Tibbiyot bo‘limida yangi qurilib, zamonaviy tibbiy asbob-uskunalar bilan jihozlangan, qirq o‘rinli davolash profilaktika muassasasi binosining ochilish marosimida ishtirok etdi. Yaqinda foydalanishga topshirilgan sport markazi hamda yerda xodimlar va ularning farzandlarining sport mashg‘ulotlari bilan shug‘ullanishlari uchun yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi.

Shuningdek, vazir viloyat ichki ishlar boshqarmasining yangi binosi va Urganch tumani IIBda amalga oshirilayotgan qurilish ishlari, xodimlarning turmush sharoitlarini yaxshilash maqsadida barpo etilayotgan 14 ta xonadondan iborat turar-joy kompleksidagi qurilish jarayonlarini ko‘zdan kechirib, zarur tavsiya va ko‘rsatmalar berdi.

30 iyun kuni Samarqand viloyati IIBda huquq-tartibot organlari rahbarlari, viloyat IIB sohaviy xizmatlari va shahar-tuman IIB boshliqlari hamda shaxsiy tarkib ishtirokida o‘tkazilgan yig‘ilishda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qaroriga asosan viloyat IIB boshlig‘i lavozimida xizmat qilgan polkovnik A.Toshpo‘latov Ichki ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari lavozimiga tayinlanganligi e’lon qilinib, Samarqand viloyati IIB boshlig‘i lavozimiga polkovnik Sh.Rahmonov tayinlanganligi yig‘ilganlar e’tiboriga yetkazildi.

Yig‘ilishda viloyat hokimi Erkinjon Turdimov so‘zga chiqib, respublika miqyosida ichki ishlar organlari tizimida ulkan islohotlar olib borilayotganligini, xodimlarning xizmat va turmush sharoitlari kundan-kunga yaxshilanayotganligini, bunga javoban har bir xodim mas’uliyat va shijoat bilan xizmat qilishi lozimligini alohida ta’kidladi.

Ichki ishlar vaziri general-leytenant Po‘lat Bobojonov o‘z so‘zida, ichki ishlar organlarida amalga oshirilayotgan ulkan o‘zgarishlar, erishilayotgan barcha ijobiy natijalar zamirida, avvalo Davlatimiz rahbarining sohaga bo‘lgan e’tibor va g‘amxo‘rligi alohida o‘rin tutayotganligini ta’kidlab, viloyatda jinoyatchilikning oldini olish bo‘yicha yo‘lga qo‘yilgan ijobiy tajribalarni qayd etib o‘tdi.

Yig‘ilish davomida general-leytenant Po‘lat Bobojonov viloyatdagi ayrim muammoli masalalarga to‘xtalib, xotin-qizlar bilan ishlash borasida «Buxoro tajribasi», yoshlar o‘rtasida huquqbuzarliklarni oldini olish bo‘yicha prezidentning beshta ezgu tashabbusi doirasida amalga oshirilayotgan kompleks tadbirlarni jadallashtirib, joriy yilning birinchi yarmi yakuni bo‘yicha viloyatda jinoyatchilik holati chuqur tanqidiy tahlil qilinib, kelgusi davrga mo‘ljallangan «Yo‘l xarita"larini ishlab chiqish bo‘yicha zarur ko‘rsatmalar berdi.

Shu kunning o‘zida, Ichki ishlar vaziri Sirdaryo viloyatiga ham tashrif buyurdi.

Viloyat IIBda huquq-tartibot organlari rahbarlari, viloyat IIB sohaviy xizmatlari va shahar-tuman IIB boshliqlari hamda shaxsiy tarkib ishtirokida o‘tkazilgan yig‘ilishni viloyat hokimi G‘.Mirzayev kirish so‘zi bilan ochib, bugungi kunda viloyatning barcha sohalarida olib borilayotgan ijobiy ishlar samarasida ichki ishlar organlari xodimlarining ham munosib hissasi borligini ta’kidladi.

Yig‘ilishda Ichki ishlar vaziri general-leytenant Po‘lat Bobojonov so‘zga chiqib, viloyatda erishilgan ijobiy natijalar bilan bir qatorda, bugungi kunda bartaraf etilishi lozim bo‘lgan ayrim tizimli kamchiliklar mavjud ekanligiga e’tibor qaratdi.

Har bir mahallada ta’sirchan jamoatchilik nazoratini o‘rnatish va jinoyatlar sodir etilishining oldini olish ishlarini yanada jadallashtirish, viloyatda inson hayoti va sog‘ligiga qaratilgan hamda mulkiy turdagi jinoyatlar nisbatan ko‘p sodir etilayotganligini inobatga olib, ushbu turdagi jinoyatlarni barvaqt oldini olish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar dasturi ishlab chiqish hamda respublikada qo‘llanilayotgan ijobiy tajribalarni viloyat miqyosida ommalashtirish bo‘yicha topshiriqlar berildi.

Kelgusida huquqbuzarliklarga qarshi kurashda jamiyatning har bir a’zosi, har bir fuqaro «Mening mahallamda jinoyat bo‘lmaydi» degan fikr bilan yashashi lozimligi, fuqarolarda ushbu masalaga nisbatan daxldorlik hissini kuchaytirish zarurligi uqtirildi.

Sirdaryo viloyati Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i lavozimiga polkovnik Sh. Mavlyanov tayinlanganligi yig‘ilganlar e’tiboriga yetkazildi.

Tanqidiy-tahliliy ruhda o‘tgan yig‘ilishlarda tizimda erishilgan yutuq va ijobiy tajribalar kelgusi faoliyat samaradorligiga xizmat qilishi aytilib, har bir xodim davlat rahbari tomonidan ichki ishlar organlari tizimiga berilayotgan e’tibor va ko‘rsatilayotgan g‘amxo‘rliklarga munosib tarzda xalq manfaatlari yo‘lida fidoyilik va sadoqat bilan xizmat qilishi zarurligi alohida ta’kidlandi.