4 iyul kuni Jizzax viloyatida joylashgan «Forish» tog‘ poligonida zamonaviy uslubda barpo etilgan «Xalqaro armiya o‘yinlari maydoni"da musobaqaning tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti xabar berdi.

Ta’kidlash joizki, mazkur maydon xalqaro standartlarga to‘liq javob berishi bilan ahamiyatli. BTR-70, BMD va BMP jangovar mashinalar ekipajidan iborat 12 ta jamoa ushbu maydonda suvli to‘siq, yo‘lakli ko‘prik, manyovr qilish hududi, balandligi 6,7 metr bo‘lgan qo‘rg‘on, tankka qarshi handaqlar, portlovchi mina to‘siqlari, qiyali tepaliklardan o‘tishadi hamda 800 metr masofada paydo bo‘luvchi nishonlarni mo‘ljalga olish shartlarni bajaradi.

Ochilish marosimidan so‘ng, dastalab BTR-70 jangovar mashinalari ekipajlari birinchilik sari o‘zaro kurash olib bordi. Bugunning o‘zida Shimoliy-g‘arbiy, Toshkent va Sharqiy harbiy okruglarning BTR-70 ekipaj jamoalari o‘z mahoratlarini namoyish etdi.

Toshkent harbiy okrugi jamoasi 6 kilometr masofada joylashgan barcha shartlarni 12:20 daqiqada bajarib, eng yaxshi natijani qayd etdi.Hali oldinda yana BTR-70, BMD va BMP ekipajlari jamoalari musobaqaga kirishadi.

Mudofaa vazirligi miqiyosida o‘tkazilayotgan mazkur musobaqa 7 iyulga qadar davom etadi. G‘olib va sovrindorlarga qimmatbaho sovg‘alar, malaka toifani bir pog‘ona ko‘tarish, mamlakatimizda ishlab chiqarilgan yengil avtomobillar sotib olishga imtiyozli kreditlar ajratish belgilangan.