O‘zbekiston Adliya vazirligi 3−4 iyul kunlari Gulnora Karimova jazoni o‘tayotgan Toshkent viloyati Zangiota tumanidagi 21-sonli umumiy tartibdagi ayollar koloniyasidagi shart-sharoitlarni o‘rgandi.

Adliya vazirligi matbuot xizmatining «Gazeta.uz"ga ma’lum qilishicha, o‘rganishlar internet saytlari va ijtimoiy tarmoqlardagi sud qaroriga muvofiq ravishda jazoni o‘tayotgan mahkumaning shart-sharoitlariga oid xabarlar sababli o‘tkazildi.

O‘rganishlar jarayonida Gulnora Karimova koloniyaga 2019 yilning 14 mart kuni yetib kelgani va 2-sektor 7-otryadga (umumiy tartibda) joylashtirilgani aniqlandi.

Vazirlikning qayd etishicha, yashash sharoitlari Jinoyat-protsessual kodeksining 117-moddasiga muvofiq kelib, unga ko‘ra umumiy tartibdagi koloniyalarda mahkum qilinganlar umumiy yashash binolarida istiqomat qiladilar.

Gulnora Karimova JPKning 9-moddasiga ko‘ra o‘z huquqlarini amalga oshirib, o‘quv, badiiy va boshqa axborot materiallaridan foydalanmoqda, koloniya kutubxonasi a’zosi hisoblanadi.

Adliya vazirligining qayd etishicha, Gulnora Karimova kutubxonadan olgan kitoblar ro‘yxati.

JPKning 78- moddasiga ko‘ra, mahkuma posilka va banderollar olish huquqidan foydalanmoqda. Jumladan, 2, 3 va 10 aprel kunlari, shuningdek 10 iyun kuni Gulnora Karimova banderol va jo‘natmalarni qabul qilib oldi.

Gulnora Karimova hisob raqamiga uning qizidan 10 aprel kuni pul mablag‘lari kelib tushdi. Mahkuma jazoni o‘tash vaqtida to‘rt marta koloniyadagi do‘kondan xaridlarni amalga oshirgan va o‘rganishlar vaqtida hisob raqamida qoldiq mablag‘lar mavjud, deyiladi matbuot xizmati xabarida.

JPKning 76-moddasiga muvofiq, O‘zbekiston birinchi prezidentining qizi uchrashuv huquqidan ham foydalanmoqda. Jumladan, 12−15 aprel kunlari u uzoq muddat (3 kun) o‘z oila a’zolari bilan birga bo‘ldi.

Shu bilan birga, Gulnora Karimova ikkita qisqa muddatli uchrashuvdan (8 va 10 aprelda) yozma ravishda voz kechdi.

Gulnora Karimovaning 2 va 17 aprel va 17 iyun kunlari shveysariyalik advokati bilan uchrashuvi ta’minlangani uning barcha huquq va qonuniy manfaatlari ta’minlanganidan dalolat beradi, deya qayd etdi Adliya vazirligi.

JPKning 79-moddasiga muvofiq, mahkuma cheklovlarsiz xat va telegrammalarni olish va jo‘natish huquqiga ega. Jazoni o‘tash vaqtida Gulnora Karimova 25 mart va 17 iyun kunlari xat yubordi.

Vazirlik zarur tibbiy yordam ko‘rsatilmagani haqidagi xulosalar haqiqatga to‘g‘ri kelmasligini ta’kidlab o‘tdi.

2017 yil dekabrda Sog‘liqni saqlash vazirligi Bosh byurosi tomonidan komission sud-tibbiy ekspertizasi o‘tkazilgan, unga ko‘ra Gulnora Karimovada muqaddam paydo bo‘lgan va surunkali xarakterga ega bo‘lgan bir qator kasalliklar aniqlangan.

2019 yil martida koloniyaga kelishi bilan Gulnora Karimovaning salomatligini qo‘llab-quvvatlash uchun bir necha marta malakali tibbiy yordam ko‘rsatilgan, shunigndek Sog‘liqni saqlash vazirligining tajribali mutaxassislari (kardiolog, ginekolog, stomatolog, infeksionist shifokor, endrokrinolog, gastroenterolog, psixiatr va boshqalar) tomonidan maslahatlar berilgan.

Shu bilan birga, sud-tibbiyot ekspertizasi xulosasiga ko‘ra, Gulnora Karimovada aniqlangan kasalliklar uning jazoni o‘tashiga hech qanday ta’sir ko‘rsatmaydi, deya qayd etdi Adliya vazirligi.

Suhbat jarayonida Gulnora Karimovaga jismoniy, psixologik yoki ruhiy bosim o‘tkazish holatlari kuzatilmagani qad etildi. Aksincha, boshqa mahkumalar uning saqlash sharoitlari yomon ekani va unga nisbatan bosim o‘tkazilgani haqidagi axborotlar tarqalganidan hayratda ekanini bildirdi. Jumladan, u bilan bir sektorda istiqomat qiluvchi mahkumalar Gulnora Karimova koloniyaga joylashgan vaqtda deraza yaqinidagi o‘ringa joylashish istagini bildirgani, biroq ushbu karavot boshqa mahkuma tomonidan band qilingani ta’kidladi. Shunga qaramasdan, boshqa mahkuma Gulnora Karimovaga o‘z o‘rnini bo‘shatib bergan, deya xabar qildi Adliya vazirligi.

Ushbu davrda Gulnora Karimova salomatlagi hisobga olingan holda biror marta ham mehnat faoliyatiga jalb qilinmagan, buni mahkumalar ham, koloniya ma’muriyati ham tasdiqlamoqda.

Bevosita Gulnora Karimovaning o‘zi bilan suhbat jarayonida u mahkuma sifatidagi huquqlari hech qanday to‘siq yoki cheklovlardan shikoyat qilmadi. Gulnora Karimova bu mavzuda suhbatlashishni istamasligini ma’lum qilib, asosan quyidagilar bo‘yicha o‘z e’tirozlarini bildirgan:

  • Koloniyada jazoni o‘tayotgan vaqtda unga yaqin bo‘lgan mahkumalarni boshqa otryadlarga (sektorlarga) ko‘chirilishi;
  • uning fikricha, jinoyat ishini tergov qilishda qonunchilik talablarining buzilishi.

Surunkali kasalligi bois Gulnora Karimovaga statsionar davolanish imkoniyati taqdim etilgan va uchrashuv vaqtida u tibbiy qismda edi.

Suhbat vaqtida mahkuma unga ko‘rsatilayotgan tibbiy yordam sifati bo‘icha hech qanday e’tirozlar bildirmadi, deya tasdiqlamoqda Adliya vazirligi.

Vizual ko‘rik vaqtida mahkumada tan jarohatlari aniqlanmadi.

Qaytarilmagan aktivlar

Adliya vazirligi aktivlarning qaytarilishiga oid ma’lumotlar yuzasidan ham izoh berdi.

Xabarda qayd etilishicha, Gulnora Karimovaga nisbatan tergov boshqa xorij mamlakatlarida ham davom ettirilmoqda.

«Xorijda olib borilayotgan tergov materiallari va rasmiy manbalardan ma’lumki, Gulnora Karimova va unga aloqador odamlar tomonidan Latviya, Shveysariya, Fransiya, Shvetsiya, Niderlandiya va ehtimol boshqa davlatlar hududlarida pul yuvish bo‘yicha noqonuniy korrupsion sxemalar qo‘llanilgan», — deyiladi vazirlik xabarida.

«Aktivlarni qaytarish bo‘yicha barcha muzokaralar va tadbirlar hukumat darajasida O‘zbekiston qonunchiligi va xalqaro huquqqa muvofiq olib borilmoqda. Mazkur aktivlar Gulnora Karimova (uning oila a’zolari) tasarrufida emas va ular xorijiy davlatlarning vakolatli organlari tomonidan hibsga olingan», — deyiladi xabarda.

Vazirlik matbuot xizmatining ta’kidlashicha, ayni vaqtda noqoniy sotib olingan aktivlarning qolgan qismini qaytarish bo‘yicha tadbirlar davom ettirilmoqda. Avvalroq uning advokati Greguar Manja Shveysariya federal jinoit sudi O‘zbekiston birinchi prezidentining qizi Gulnora Karimova ishi bo‘yicha 555 mln dollarni O‘zbekistonga qaytarishni to‘xtatganini ma’lum қилgaнedi. Bu haqda mahkumaning qizi Iman Karimova ham xabar berdi.