3 iyul kuni Italiyaning Neapol shahridagi San-Paulo stadionida XXX yozgi Universiada o‘yinlarining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Jismoniy tarbiya va sport vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Mazkur musobaqada 120 ga yaqin davlatdan 9000 nafarga yaqin talaba sportchilar yozgi universiada tarkibidan o‘rin olgan 18 ta sport turi bo‘yicha bellashadi.

Har ikki yilda o‘tkaziladigan ushbu universiadada 42 nafar o‘zbekistonlik talabalar yengil atletika, dzyudo, taekvondo WTF, badiiy gimnastika, tennis, sport gimnastikasi, o‘q otish hamda kamondan otish sport turlari bo‘yicha medallar uchun bahs olib borishadi.

«Balich Worldwide Shows» tomonidan tayyorlangan ochilish marosimiga butun dunyo bo‘ylab 1000 nafardan ortiq ijrochi va katta iste’dod sohiblari taklif etilgan. Loyiha negizidagi tushunchalar Universiada logotipining «U» harfiga asoslanadi. Ushbu stadion dizayni Neapolda kutilayotgan 120 dan oshiq mamlakatdan kelgan universitet sportchilariga ikki yirik qo‘l uzatib turgandek taassurot uyg‘otadi.

Napoli ko‘rfaziga o‘xshab, San-Paolo stadioni mehmondo‘stlik va madaniy hayotning ajoyib ramzi bo‘lib qolishiga astoydil harakat qilingan.

Qariyb 80 mingga yaqin muxlislar bilan to‘lib-toshgan stadionga O‘zbekiston bayrog‘ini dzyudo bo‘yicha o‘smirlar o‘rtasida olimpiya o‘yinlari chempioni, ko‘plab xalqaro turnirlar g‘olibi Suhrob Tursunov baland tutgan holda olib kirdi. Tantali ochilish marosimida musobaqada O‘zbekiston delegatsiyasiga rahbarlik qilayotgan Jismoniy tarbiya va sport vaziri Dilmurod Nabiyev hamda O‘zbekistonning Italiyadagi favqulodda va muxtor elchisi Otabek Akbarov ishtirok etdi.