Baholash faoliyatini yanada takomillashtirish hamda past rentabelli va faoliyat yuritmayotgan davlat ishtirokidagi korxonalarni sotish mexanizmlarini soddalashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi prezident qarori 2019 yilning 1 iyul sanasida qabul qilindi. Bu haqda «Huquqiy axborot» kanali orqali xabar berildi.

Qarorga ko‘ra baholash tashkilotlari faoliyatini litsenziyalash va baholovchilarni toifalash Davlat aktivlarini boshqarish agentligi tomonidan amalga oshiriladi.

Ilgari mazkur faoliyat Davlat raqobat qo‘mitasi tomonidan litsenziyalangan.

Baholash bu ob’ektlarning qiymatini aniqlashga qaratilgan faoliyatdir.

2019 yil 1 dekabrgacha mulkchilik shaklidan qat’i nazar ob’ektlarni baholashning yagona milliy standarti tasdiqlanadi.

2019 yil 1 avgustdan baholovchilar toifalab boriladi.

Toifalash natijalari Davlat aktivlarini boshqarish agentligi, O‘zbekiston Baholash tashkilotlari assotsiatsiyasi va Baholovchilar jamiyatining veb-saytlarida e’lon qilib boriladi.

2020 yil 1 yanvardan baholash tashkilotlarining reytingi joriy etiladi.