O‘zbekiston Adliya vazirligi Gulnora Karimova jazoni o‘tayotgan Toshkent viloyati Zangiota tumanidagi umumiy tartibdagi 21- ayollar qamoqxonasida o‘rganishlarni boshladi. Bu haqda Adliya vazirligining «Huquqiy axborot» Telegram-kanali xabar qildi.

Xabarda qayd etilishicha, internet axborot resurslari va ijtimoiy tarmoqlar orqali bugungi kunda sudning hukmiga asosan tegishli jazoni o‘tayotgan mahkuma Gulnora Karimovaning jazoni o‘tash muassasasidagi shart-sharoitlar xususida bildirilayotgan turli xabarlar tarqalmoqda.

Adliya vazirligi OAV va ijtimoiy tarmoqlar foydalanuvchilarini mazkur masala yuzasidan turli xil asossiz xabarlar tarqatmaslikka chaqirib, o‘rganishlar natijasi yuzasidan qo‘shimcha axborot taqdim etilishini ma’lum qildi.

Seshanba kuni Gulnora Karimovaning qizi Iman Instagram ijtimoiy tarmog‘ida onasining zarur tibbiy yordamni ololmayotgani hamda qamoqxona boshlig‘i tomonidan ruhiy bosim o‘tkazilayotgani haqida ёзганэди.

Iman Karimovaning tasdiqlashicha, onasining ahvoli to‘g‘risidagi xavf sababli Shveysariya sudi Gulnora Karimova hisob raqamlaridagi pullarni qaytarishni to‘xtatib turibdi.