3 iyul kuni O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida O‘zbekiston Respublikasi xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatov ishtirokida O‘zbekiston Respublikasi prezidentining 2019 yil 29 aprelda qabul qilingan «O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi tizimini 2030 yilgacha rivojlantirish konsepsiyasi"ni tasdiqlash to‘g‘risida"gi farmoni mazmun-mohiyati va uning ijrosi mavzuida brifing bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Xalq ta’limi vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Ochiq hamda konstruktiv ruhda kechgan tadbir avvalida xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatov yig‘ilganlarni Konsepsiyada belgilangan ustuvor vazifalar hamda maqsadli ko‘rsatkichlar, ularni hayotga tatbiq etish yuzasidan rejalashtirilayotgan yumushlar xususida qisqacha so‘zlab berdi. Masalan, 9 ta ustuvor yo‘nalish va 48 ta maqsadli ko‘rsatkich bo‘yicha bajarilishi ko‘zda tutilgan Konsepsiyaning sohani malakali kadrlar bilan to‘ldirishga doir qismi haqida fikr yuritar ekan, Sherzod Shermatov ayni paytda bu boradagi ahvol aytarli darajada maqtanarli emasligini, misol uchun, tizimda ishlayotgan o‘qituvchilarning qariyb oltmish ming nafari oliy ma’lumotga ega emasligini ta’kidladi.

— Shunday taassurot uyg‘onadiki, ular xuddiki hech qayerda ish topolmagandan so‘ng «Men ham qayerdadir ishlashim kerak-ku», deb maktabga kelgandek, — dedi Sherzod Shermatov.

Shuningdek, xalq ta’limi vaziri davlatimiz rahbarining 5 ta tashabbusidan biri — kitobxonlik va yoshlar mutolaasi masalasiga alohida to‘xtalib o‘tdi.

— Odamlar xalq ta’limi tizimini yanada yaxshilash bo‘yicha o‘zlarining ko‘plab maslahatlarini yuborishadi, — dedi Sh. Shermatov. — Ayrimlar hatto kitoblarni birato‘la yo‘q qilib, har bitta o‘quvchining qo‘liga planshet tutqazish va darslarni ham to‘liq elektron shaklda o‘tkazishni maslahat berishgan. Ammo men bunday qilinishiga hamisha qarshi bo‘lganman.

Ishonchim komilki, kitob hech qachon yo‘qolmaydi. Taraqqiyot ming kuchaymasin, kitob mutolaasi aslo yo‘q bo‘lmaydi. Bunga rivojlangan davlatlar ham yaqqol misol bo‘la oladi. Masalan, AQSHdagi mashhur Amazon portalini oling. Agar AQSHda birov bosma kitob o‘qimay qo‘yganida edi, mazkur portalga 40 million turdagi (sonini tasavvur qilavering endi) kitoblar savdosi bo‘yicha e’lonlar joylashtirilmagan bo‘lar edi.

Sherzod Shermatov qabul qilingan Konsepsiya xalq ta’limi tizimini uzoq muddatli rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlarini belgilab berganini alohida ta’kidladi. Uning qayd etishicha, xususan, 2030 yilga borib, O‘zbekiston Respublikasining PISA (The Programme for International Student Assessment) Xalqaro miqyosda o‘quvchilarni baholash dasturi reytingi bo‘yicha jahonning birinchi 30 ta ilg‘or mamlakati qatoriga kirishiga erishish; uzluksiz ta’lim tizimi mazmunini sifat jihatidan yangilash, shuningdek, professional kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish; o‘qitish metodikasini takomillashtirish, ta’lim-tarbiya jarayoniga individuallashtirish tamoyillarini bosqichma-bosqich tatbiq etish; xalq ta’limi sohasiga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari hamda innovatsion loyihalarni joriy qilish; xalq ta’limi muassasalarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash va byudjetdan mablag‘ bilan ta’minlashning samaradorligini oshirish; yoshlarni tarbiyalash hamda ularning bandligini ta’minlashda maktabdan tashqari ta’limning zamonaviy usullari va yo‘nalishlarini joriy etish; davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish hisobiga davlat ta’lim tizimida raqobat muhitini kengaytirish; yoshlar ta’lim-tarbiyasi uchun qo‘shimcha sharoitlar yaratishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlarni o‘z ichiga olgan beshta tashabbusni amaliyotga tatbiq qilish; xalq ta’limi tizimida faoliyat ko‘rsatishning jozibadorligini oshirish maqsadida umumiy o‘rta ta’lim muassasalari xodimlarining mehnatiga haq to‘lash, moddiy rag‘batlantirish hamda ijtimoiy himoya qilish darajasini bosqichma-bosqich oshirib borish ko‘zda tutilmoqda.

Xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatov hozirgi kungacha Konsepsiya doirasida amalga oshirilgan bir qator ishlar haqida ham ma’lumot berdi.

Shundan so‘ng anjumanning savol-javoblar qismiga o‘tildi. Jurnalistlar va blogerlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga batafsil javob oldilar.