Joriy yilning 2 iyulida «Kun.uz» saytida «Arnasoy tumani IIB rahbarlari fermerning otasini nega urdi?» sarlavhali material Jizzax viloyati Ichki ishlar boshqarmasi tomonidan o‘rganib chiqildi. Bu haqda Jizzax viloyati Ichki ishlar boshqarmasi xabar berdi.

2019 yilning 1 iyul kuni Arnasoy tumani hokimi davlatga g‘alla topshirish shartnomasini bajarmagan fermerlar ishtirokida yig‘ilish o‘tkazgan. Yig‘ilishda maqolada nomi tilga olingan «Ahmedov Farhod chorvasi» fermer xo‘jaligi rahbari Farhod Ahmedovning otasi Mamatqul Ahmedov ham qatnashadi. Mamatqul Ahmedov yig‘ilishga bexosdan kelib qolmagan, u fermer xo‘jaligining norasmiy rahbari.

Ayni shu sabab hokim boshqalar qatori Mamatqul Ahmedovga rejani bajarish zarurligini tushuntiradi. Mamatqul Ahmedov hokimning talabiga e’tiroz bildirmaydi. «Ahmedov Farhod chorvasi» chorvachilik fermer xo‘jaligi «Do‘stlik don mahsulotlari» AJ bilan 35 tonna g‘alla sotish bo‘yicha shartnoma imzolagani holda rejaning qariyb teng yarmini bajarmagan. Yana ham aniqrog‘i, 17,1 tonna g‘alla kam topshirilgan. Ammo fermerning 3 gektar maydoni o‘rilmasdan qolgan.

Qo‘shimcha qilish kerakki, «Ahmedov Farhod chorvasi» fermer xo‘jaligiga aynan boshoqli don ekinlari yetishtirish uchun 29 million 561 ming so‘m miqdorida imtiyozli kredit ajratilgan. Ushbu kreditning 6 million 632 ming so‘mi qaytarilmasdan qolgan.

Qizig‘i, rejaning salkam teng yarmi bajarilmagani haqida maqolada umuman so‘z yuritilmagan. Qolaversa, materialda keltirilganidek hokim yordam so‘ramagan, qonuniy tartibda rejani bajarish kerakligini tushuntirgan.

Shu o‘rinda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 14 maydagi farmoyishi asosida boshoqli don hosili o‘rim-yig‘im ishlarini o‘z vaqtida va sifatli tashkil etish, g‘alla o‘rish kombaynlaridan samarali foydalanish, shuningdek, davlat ehtiyojlari uchun boshoqli don xarid qilish bo‘yicha tuzilgan kontraktatsiya shartnomalari fermer xo‘jaliklari tomonidan so‘zsiz bajarilishi uchun shaxsiy javobgarlik bir qancha davlat tizilmalar qatorida Ichki ishlar vazirligi zimmasiga yuklatilganligini nazardan chetda qoldirmaslik zarur.

Qisqasi, hokim topshirig‘i asosida ichki ishlar xodimi bilan birga Mamatqul Ahmedov g‘allazorga yo‘l oladi. Yig‘ilish o‘tkazilgan joydan uzoqlashishlari bilan Mamatqul Ahmedov hamrohiga g‘allani o‘rdirish uchun dalaga bormasligini ma’lum qiladi. Tabiiyki, xodim bu to‘g‘rida rahbariga xabar beradi, shu asosda o‘sha joyga Arnasoy tumani IIB boshlig‘ining o‘rinbosari Akrom Misirov yetib keladi.

Fermerning otasi tuman IIB boshlig‘ining o‘rinbosarini ko‘rishi bilan uni haqoratlay boshlaydi. Akrom Misirov bosiqlik bilan Mamatqul Ahmedovga g‘allani o‘rdirmaslik to‘g‘risidagi talabini hokimga shaxsan o‘zi aytishi zarurligini bildiradi.

Mamatqul Ahmedov bunga rozi bo‘ladi va avtoulovga o‘tiradi. Ammo avtomashina hokim hamda tuman IIB boshlig‘i turgan joyga yaqinlashishi bilan Mamatqul Ahmedov dod-voy solib, o‘zining kaltaklanganligini, ahvoli og‘irligini ma’lum qiladi.

Unga tibbiy yordam mashinasi chaqiriladi va Mamatqul Ahmedov shifoxonaga yotadi. E’tibor qilgan bo‘lsangiz, «Kun.uz» muxbiri suhbatlashgan tuman tibbiyot birlashmasi shoshilinch yordam bo‘limining mudiri Temur Nazarov Mamatqul Ahmedovning yuqori gipertonik qon bosimida yurishini, ilgari mikroinfarkt olganligini, qon bosimi yuqoriligi uchun tibbiy yordam ko‘rsatilganini bayon qilgan, ammo jabrlanuvchiga tan jarohati yetkazilgani to‘g‘risida gapirmagan.

Agarda Mamatqul Ahmedovning tanasiga rostdan ham zarba berilganida uning terisida paydo bo‘lishi kerak bo‘lgan belgilar muxbirning nigohidan chetda qolmasligi tayin.

Qolaversa, qo‘li bilan avtoulovga kirmaslik uchun tiranib turgan odamni bir zarba bilan qanday qilib avtomashina saloniga kiritish mumkin? Uning boshi, oyoqlari, qo‘llari bu jarayonda lat yeyishi, ezilishi, tirnalishi va nihoyat qayrilishi mumkin ediku? Tibbiy ekspertiza esa tanada shubhali alomatlar yo‘qligini tasdiqladi. Savol tug‘iladi, bu vaziyatda kim kimni shantaj qilayotir?

— Masala nizoli bo‘lgani sababli prokuratura vakillari ishtirokida Mamatqul Ahmedov shifoxonaga keltirilishi bilan boshdan oyoq tibbiy tekshiruvdan o‘tkazildi va bu jarayon tasvirga olindi, — deydi Arnasoy tumani tibbiyot birlashmasi shoshilinch yordam bo‘limining mudiri Temur Nazarov. — Tibbiy tekshiruv paytida Mamatqul Ahmedovning tanasida qizarish, ko‘karish, shishish, yirtilish aniqlanmadi. Agarda unga zarba berilganida ushbu belgilardan biri tanada ko‘rinardi. Mamatqul Ahmedovning terisi oq bo‘lgani bois har qanday o‘zgarish sezilmasdan qolmasdi. Shu sababli unga hech qanday tan jarohati yetkazilmagani aniq.

Maqolada IIB boshlig‘ining o‘rinbosari Misirovning familiyasini «Misayev», tuman tibbiyot birlashmasi «tuman Markaziy shifoxonasi» tarzida qo‘llangan. Shov-shuv ko‘tarishga chog‘lanilganida bu kabi «mayda-chuyda"lar e’tiborga olinmaydi, shekilli.

Maqolada keltirilgan ob-havoning noqulayligiga oid iddaoga to‘xtaladigan bo‘lsak…

— Joriy yil ob-havo tumanimiz g‘allakorlari uchun har qachongidan qulay keldi, bu yil ishlamagan fermer ham rejani bajardi, — deydi Arnasoy tumani qishloq xo‘jaligi bo‘limi boshlig‘i Hayitboy Azizov. — 2019 yil 3 iyul holatiga 241 fermer xo‘jaligidan 176 tasi rejani bajardi. Tumanimizda bu yil faqat 10 foiz fermer shartnomaviy rejani uddalay olmasligini taxmin qilayapmiz. «Ahmedov Farhod chorvasi» fermer xo‘jaligining ekin maydoniga keladigan bo‘lsak, yerning ahvoli og‘ir emas, o‘rtacha. Bu maydonda rejani nafaqat qiyinchiliksiz bajarish, balki yaxshigina daromad olish ham mumkin edi. Shartnoma tuzilgandan so‘ng rejani bajarish kerak-da.

— Maqolada chorvachilik fermer xo‘jaliklari don topshirish bo‘yicha shartnoma qilinishi qonunchilikka zid, deya xato fikr yuritilgan. Qonunda bu borada hech qanday taqiq yo‘q, — deydi «Do‘stlik don mahsulotlari» AJ huquqshunosi Tohir G‘iyosov.