O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev 4 iyul kuni qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini chuqur qayta ishlash va oziq-ovqat tovarlari sifatini oshirish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazdi.

O‘zbekistonda yiliga 20 million tonna meva-sabzavot yetishtiriladi. Lekin ularni sanoat usulida qayta ishlash darajasi atigi 15 foiz bo‘lib, shundan 7−8 foizi eksport qilinmoqda. Infratuzilma yetarli emasligi tufayli yig‘ishtirish va saqlash jarayonida 30 foiz mahsulotlar yo‘qotilmoqda.

Bu sohadagi imkoniyatlardan oqilona foydalanib, mahsulotlarni chuqur qayta ishlash kengaytirilsa, oziq-ovqat sanoatini yanada rivojlantirish va eksport hajmini oshirish mumkin.

Shavkat Mirziyoyev buning uchun, avvalo, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yig‘ish, tashish, saqlash, qayta ishlash, qadoqlash va eksport qilish jarayonlarini qamrab oladigan zamonaviy agrologistika markazlarini ko‘paytirish zarurligini ta’kidladi.

Bugungi kunda O‘zbekistonda 31 ta agrologistika markazi, 1 ming 500 ta sovutkich omborlar bor. Ularda jami yetishtiriladigan meva-sabzavotning 4,5 foizinigina saqlash mumkin. Bu juda kam, albatta.

Shavkat Mirziyoyev oziq-ovqat mahsulotlari narxini barqaror saqlash, bozorga doimiy yetkazib berish uchun keng infratuzilma yaratish zarurligini ta’kidladi.

2025 yilga qadar sovutkichlar sonini 4 ming 500 taga, agrologistika markazlarini 140 taga yetkazish vazifasi qo‘yildi. Osiyo taraqqiyot bankining imtiyozli krediti ishtirokida Andijon, Samarqand va Toshkent viloyatlarida agrologistika markazlari barpo etish, Jizzax, Surxondaryo va Farg‘ona viloyatlarida ham shu boradagi ishlarni boshlash yuzasidan topshiriqlar berildi.

Yig‘ilishda mahsulot yetishtiruvchilar bilan qayta ishlovchi korxonalar o‘rtasida hamkorlik yo‘lga qo‘yilmagani ko‘rsatib o‘tildi.

Masalan, meva-sabzavotning 65 foizi, go‘sht va sut mahsulotlarining 93−95 foizi dehqon xo‘jaliklari va aholi tomorqalarida yetishtirilmoqda. Biroq, shu mahsulotlarni qayta ishlovchi korxonalar 50−60 foiz quvvatda faoliyat yuritmoqda. O‘tgan yili meva-sabzavotning 19 foizi, go‘sht va sut mahsulotlarining 16 foizigina sanoat darajasida qayta ishlangan, xolos.

— Kooperatsiya aholi yetishtirgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini sanoatga jalb qilishning eng samarali yo‘li. Bu orqali, birinchidan, aholi daromadli bo‘ladi, ikkinchidan, sanoat uzluksiz xomashyo bilan ta’minlanadi, — dedi prezident.

Shu borada yana bir misol. Odatda uzum, qovun, tarvuz, qovoq va anorning urug‘i tashlab yuboriladi. Xorijda bu urug‘lar qayta ishlanib, tansiq mahsulotlar tayyorlanadi. Xususan, bir kilogramm tarvuz urug‘i yog‘i jahon bozorida 28 dollar, anor urug‘iniki esa 350 dollar turadi. Yurtimizda ham ushbu mahsulotlarni yig‘ib olish va qayta ishlash yo‘lga qo‘yilsa, yiliga 250 million dollarlik eksportbop mahsulot ishlab chiqarish imkoniyati yaratiladi.

Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Veterenariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasi, Iqtisodiyot va sanoat vazirligiga har bir tumanda kamida beshtadan qishloq xo‘jaligi kooperatsiyalarini tashkil etish, ularni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash vazifasi qo‘yildi.

Qishloq xo‘jaligi korxonalari qo‘shilgan qiymat solig‘iga o‘tayotgani ishlab chiqarish va ulgurji savdoni rivojlantirish bilan birga kooperatsiyani kengaytirishga ham zamin yaratishi qayd etildi.

Oziq-ovqat mahsulotlarining sifati, eksportdagi raqobatbardoshligi malakali laboratoriya tekshiruviga ham bog‘liq. Yig‘ilishda bu borada ham qilinadigan ishlar ko‘pligi ko‘rsatib o‘tildi. Oziq-ovqat mahsulotlarini sinash bo‘yicha Jahon savdo tashkilotining talablariga mos 775 ta standart bo‘lsa, mamlakatimizda ularning 100 tasi joriy qilingani, 100 dan ortiq laboratoriyadan atigi 10 tasi xalqaro darajada akkreditatsiyadan o‘tgani tanqid qilindi. Bu korxonalar mahsulotlarini eksport qilish, import tovarlarning esa sifatini tekshirishda qiyinchiliklar tug‘dirmoqda.

Shu bois «O‘zstandart» agenligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi va tegishli inspeksiyalarga oziq-ovqat sifati bo‘yicha xalqaro standartlarni 500 taga yetkazish, to‘liq sinovlar o‘tkazish imkoniga ega laboratoriyalar tashkil etish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

Agrosanoatni jadal rivojlantirish, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash uchun qishloq xo‘jaligi sohasida mega loyihalar ishlab chiqish va amalga oshirish zarurligi ta’kidlandi.

Muhokama qilingan chora-tadbirlar yuzasidan mutasaddilar o‘z taklif va mulohazalarini bildirdi.