Toshkent Ichki ishlar bosh boshqarmasi ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan «Qo‘yliq» bozorida ikki erkakning bir necha fuqarolar tomonidan kaltaklangani tasvirlangan video yuzasidan izoh berdi. Mazkur holat bo‘yicha Bektemir tumani IIO FMB xodimlari teshiruv o‘tkazdi.

IIBB matbuot xizmatining xabar qilishicha, hodisa 2 iyul kuni taxminan soat 16.30 da ro‘y bergan. Bozor savdogarlari — 30 yoshli qashqadaryolik Sunnatillo Sh. va 31-yoshli surxandaryolik Alisher T. ikki nafar noma’lum shaxs 35 yoshli Jahongir E.ga tegishli «Kobalt» rusumli avtomobil eshigini buzayotganini ko‘rib qolgan. Shundan so‘ng Sunnatillo Sh., Alisher T. va ushbu bozorning yana bir savdogari Shuxrat Sh. hodisa haqida ichki ishlar organlariga xabar bermasdan, muqaddam sudlangan farg‘onalik 40 yoshli Sayidjon T. va 39 yoshli Axad K.ni musht bilan jazolab, ularga tan shikastlari yetkazgan.

Ushbu holat bo‘yicha Sunnatillo, Alisher va Shuxratga nisbatan O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 277-moddasi 2-qismi («Bezorilik») bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atildi. Sayidjon T. va Axad K.ga nisbatan esa Jinoyat kodeksning 25-moddasi («Jinoyatga tayyorgarlik ko‘rish va jinoyat sodir etishga suiqasd qilish») va 169-moddasi («O‘g‘rilik») bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atildi. Dastlabki tergov ishlari olib borilmoqda.

IIBB fuqarolarga yuzlanib, bu kabi holatlarda sudsiz jazolamasdan, 102 raqamiga yoki 71−232−30−40, 71−232−40−50 raqamlariga qo‘ng‘iroq qilishni so‘radi.