O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 3 iyul kuni «Shaxsga doir ma’lumotlar to‘g‘risida"gi qonunni imzoladi. Hujjat Qonunchilik palatasi tomonidan 16 aprelda qabul qilingan hamda Senat tomonidan 21 iyunda ma’qullangan edi.

Shaxsga doir ma’lumotlar deganda jismoniy shaxsga taalluqli bo‘lgan yoki uni identifikatsiya qilish imkonini beradigan, elektron tarzda, qog‘ozda va (yoki) boshqa moddiy jismda qayd etilgan axborot nazarda tutiladi.

Ushbu qonunning amal qilishi:

  • jismoniy shaxs tomonidan shaxsga doir ma’lumotlarga shaxsiy, maishiy maqsadlarda va o‘z kasbiy yoki tijorat faoliyati bilan bog‘liq bo‘lmagan holda ishlov berish;
  • Milliy arxiv fondi hujjatlarini va shaxsga doir ma’lumotlarni o‘z ichiga olgan boshqa arxiv hujjatlarini shakllantirish, saqlash va ulardan foydalanish;
  • davlat sirlarini tashkil etadigan ma’lumotlar jumlasiga kiritilgan shaxsga doir ma’lumotlarga ishlov berish;
  • tezkor-qidiruv, razvedka va kontrrazvedka faoliyati, jinoyatchilikka qarshi kurashish, huquq-tartibotni saqlash jarayonida, shuningdek jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga qarshi kurashish doirasida olingan shaxsga doir ma’lumotlarga ishlov berish chog‘ida yuzaga keladigan munosabatlarga nisbatan tatbiq etilmaydi.

Hukumat huzuridagi Davlat personallashtirish markazi shaxsga doir ma’lumotlar sohasidagi vakolatli davlat organi etib belgilandi. Shaxsga doir ma’lumotlar davlat boshqaruvi organlariga bepul beriladi.

Shaxsga doir ma’lumotlar bazalari davlat reyestrida ro‘yxatdan o‘tkazilishi lozim. Davlat shaxsga doir ma’lumotlarning himoya qilinishini kafolatlaydi.

Jismoniy shaxsning roziligisiz yoki boshqa qonuniy asos mavjud bo‘lmagani holda shaxsga doir ma’lumotlarni oshkor etish va tarqatishga yo‘l qo‘yilmaydi.

Qonun 1 oktyabrdan kuchga kiradi.