O‘zbekiston bosh prokurorining buyrug‘iga asosan Boytemirov Nodirbek Nu’manovich O‘zbekiston Bosh prokuraturasi Ichki xavfsizlikni ta’minlash boshqarmasi boshlig‘i lavozimiga tayinlandi, deya xabar qildi Bosh prokuratura matbuot xizmati.Nodirbek Boytemirov (1973 y. t.) Toshkent davlat yuridik institutini tamomlagan (1995). Prokuratura organlaridagi ish faoliyatini 1995 yilda Farg‘ona shahar prokuraturasining ish o‘rganuvchisi sifatida boshlab, prokuratura organlarida turli lavozimlarda, jumladan Bosh prokuratura ichki xavfsizlikni ta’minlash inspeksiyasi boshlig‘i, Xorazm viloyati prokurorining birinchi o‘rinbosari sifatida faoliyat olib borgan.

Tayinlangunga qadar O‘zbekiston Oliy Majlisi Senati devoni bo‘lim mudiri lavozimida ishlagan.

Nazarov Sodiqjon Raximovich O‘zbekiston Bosh prokuraturasi Kadrlar boshqarmasi boshlig‘i lavozimiga tayinlandi. Sodiqjon Nazarov (1961 y. t.) Toshkent davlat universitetini tamomlagan (1985).

Prokuratura organlaridagi ish faoliyatini 1992 yilda Sirdaryo tumani prokurorining yordamchisi lavozimida ish o‘rganuvchi sifatida boshlab, Sh. Rashidov, Xovos, Sardoba, Sayxunobod tumanlari prokurori, Bosh prokuratura va Sirdaryo viloyat prokuraturasining turli lavozimlarida faoliyat olib borgan.

Tayinlangunga qadar Sirdaryo viloyati prokuraturasi fuqarolik sud ishlarini yuritishda prokuror vakolatini ta’minlash bo‘limi prokurori lavozimida ishlagan.

Raximov Shavkatjon Jo‘rayevich O‘zbekiston Bosh prokuraturasi Qishloq xo‘jaligi sohasida qonunchilik ijrosi ustidan nazorat boshqarmasi boshlig‘i lavozimiga tayinlandi. Shavkatjon Raximov (1968 y. t.) Toshkent davlat yuridik institutini tamomlagan (1994).

Prokuratura organlaridagi ish faoliyatini 1996 yilda Norin tumani prokuraturasi tergovchisi lavozimida ish o‘rganuvchi sifatida boshlab, prokuratura organlarida turli lavozimlarda, jumladan To‘raqo‘rg‘on tumani prokurori, Namangan viloyati prokuraturasida bo‘lim boshlig‘i, Bosh prokuraturada boshqarma katta prokurori sifatida faoliyat olib borgan.

Tayinlangunga qadar Bosh prokuratura Qishloq xo‘jaligi sohasida qonunchilik ijrosi ustidan nazorat boshqarmasi boshlig‘ining o‘rinbosari lavozimida ishlagan.

Berdialiyev Sodikjon Alijonovich O‘zbekiston Bosh prokuraturasi Ichki ishlar organlarida qonunchilik ijrosi ustidan nazorat boshqarmasi boshlig‘i lavozimiga tayinlandi. Sodiqjon Berdialiyev (1976 y. t.) Toshkent davlat yuridik institutini (2000), Davlat va jamiyat qurilishi akademiyasini tamomlagan (2012).

Prokuratura organlaridagi ish faoliyatini 2000 yilda Andijon shahar prokuraturasi ish o‘rganuvchisi sifatida boshlab, prokuratura organlarida turli lavozimlarda, jumladan Andijon shahar prokurori, Toshkent viloyati prokurorining o‘rinbosari, Toshkent shahar prokurorining birinchi o‘rinbosari sifatida faoliyat olib borgan.

Tayinlangunga qadar Bosh prokuratura huzuridagi Majburiy ijro byurosi direktorining o‘rinbosari lavozimida ishlagan.

«Gazeta.uz"ning huquqni muhofaza qilish organlaridagi axborot manbalari ma’lumotlariga ko‘ra, xalqaro huquqiy boshqarmasi boshlig‘i Olim Nabiyev, o‘ta og‘ir jinoyatlarni tergov qilish boshqarmasi boshlig‘i Shohmuhammadbek Muhammadjonov, jamoatchilik bilan aloqalar va huquqiy axborot bo‘limi boshlig‘i Surayyo Rahmonova, shuningdek Namangan viloyati prokurori Rashid Rahmatov (mart oyida tayinlangan edi) hamda bir qator xodimlar lavozimidan ozod qilingan.