«O‘zbekiston havo yo‘llari» Milliy aviakompaniyasi floti beshinchi Boeing 787−8 Dreamliner samolyoti bilan to‘ldirildi, deya xabar qildi MAK matbuot xizmati. Yangi layner 2 iyul kuni kechqurun Sietldan 12,5 soatlik to‘xtovsiz parvozdan so‘ng Toshkent aeroportiga qo‘ndi.

Samolyotni «O‘zbekiston havo yo‘llari» Parvoz majmuasi uchuvchi inspektori Iosif Zak hamda Boeing 787 komandiri Malik Ahmedov boshqari keldi. Aviatsion an’anaga ko‘ra, layner o‘t o‘chirish mashinalari brandspoytlaridan otilgan suv favvoralari bilan qarshi olindi.

Aviakompaniya matbuot xizmatining xabar qilishicha, samolyot Toshkentga uchib kelishdan avval Boeing kompaniyasining Everettedagi aerodromida uchish va qo‘nish sinovlaridan o‘tkazilgan. MAKning parvoz va texnik xodimlaridan iborat mutaxassislar jamoasi beshinchi «Orzudagi layner"ni qabul qilib oldi. Sinov parvozlari vaqtida avialaynerning barcha mexanizmlari tekshirilib, zarur jarayonlar amalga oshirildi.

Yangi samolyotga avvalgi to‘rtta Boeing 787−8 Dreamliner samolyoti kabi GE Aviation kompaniyasining yonilg‘i sarflash samaradorligini oshirish, shovqin darajasini pasaytirish va atmosferaga CO2 gazining ajrab chiqishini kamaytirish imkonini beruvchi GEnx-1B dvigatellari o‘rnatilgan.

Avialayner biznesda — 24ta, ekonom klassda — 222ta va jami 246ta yo‘lovchini tashishga mo‘ljallangan. Samolyot sahni qulay va keng o‘rindiqlar, yangi pol qoplamlari, yoritish va tovush izolyatsiyasi, individual ko‘ngilochar dasturli HD sensor monitorlar bilan ta’minlangan. Illyuminatorlar balandligi 46 sm ni tashkil etib (barcha tijoriy laynerlar orasida rekord), ular boshqariluvchi elektroxrom qorong‘ilashtirish texnologiyasi bilan ta’minlangan.

Laynerga internetga kirish uskunalari o‘rnatilgan. Bu Uzbekistan Airways kompaniyasining to‘rtinchi «Bortda internet» xizmatidan foydalanish mumkin bo‘lgan havo kemasidir. Panasonic Avionics Corporation aloqa provayderi va ko‘ngilochar tizimlar yetkazib beruvchisi hisoblanadi.

Milliy aviakompaniya 2016 yil sentyabridan «Drimlayner"lardan tijoriy maqsadlarda foydalanishni boshladi. MAK ixtiyoriga yana bir xuddi shunday samolyot kelib qo‘shilishi lozim.