Joriy hafta O‘zbekistonda «Olimpiya kuni» keng nishonlanadi. Kecha Buxorodagi Ark qo‘rg‘onida «Olimpiya kuni"ga bag‘ishlangan ommaviy sog‘lomlashtirish tadbiri o‘tkazildi.Bu hada MOQ matbuot xizmati xabar berdi.

Yoshlarni jismoniy tarbiya va sportga keng jalb qilish, olimpiya harakatini rivojlantirish, olimpizmning ezgu g‘oyalarini ilgari surish maqsadida tashkil etilayotgan ushbu tadbirda o‘n ming kishi ishtirok etdi.

Ark qo‘rg‘onida yig‘ilgan qatnashchilar olimpizm timsolini ifodalovchi 5 xil rangdagi futbolkalarda olimpiada halqasini shakllantirdilar. Tadbirda, shuningdek, xalqaro musobaqalarda g‘olib va sovrindor bo‘lgan buxorolik sportchilar ham ishtirok etdi.

Ma’lumot uchun, bu yilgi «Olimpiya kuni» ilk marotaba butun O‘zbekiston bo‘ylab umummilliy xalq sayli tarzida nishonlanadi. Bundan ko‘zlangan maqsad — O‘zbekiston aholisining turli qatlamini, ayniqsa, yoshlarni mana shunday ezgu g‘oya ostida birlashtirish, ularni sportga jalb etishdir. Xalqaro «Olimpiya kuni"ning asosiy tadbirlari 5−6 iyul sanasiga belgilangan bo‘lsa, Toshkentdagi bosh tantana 6 iyul kuni «Humo arena» muz sayroyida estradamiz yulduzlarining ishtirokida katta gala-konsert tarzida o‘tkaziladi.