2 iyul kuni O‘zbekiston Innovatsion rivojlanish vazirligi hamda Buyuk Britaniyaning PETROMARUZ kompaniyalar guruhi o‘rtasida ilmiy-tadqiqot ishlarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida Hamkorlik memorandumi imzolandi, deya xabar qildi vazirlik matbuot xizmati «Gazeta.uz"ga.

Kompaniya bilan neft-gaz, sement ishlab chiqarish, to‘qimachilik sanoati, inert qurilish materiallarini qazib olish, yo‘l qurilishi, qurilish konstruksiyalarini tayyorlash, qishloq xo‘jaligi sohalarini rivojlantirishda hamkorlik o‘rnatildi. Muzokaralar natijasida dastlabki hamkorlikdagi ilmiy-texnik loyihalar tanlovlari uchun guruh tomonidan 3−4 mlrd so‘m va yil oxirigacha 15 mlrd so‘m miqdorida mablag‘lar ajratishga, vazirlik ham o‘z navbatida, xuddi shunday miqdordagi ulush kiritishiga kelishildi.

Bugungi kunda Innovatsion rivojlanish vazirligi PETROMARUZ bilan birgalikda ilmiy-tadqiqot ishlari yo‘nalishlarini aniqlab, o‘zaro moliyalashtirish uchun tematik ilmiy-tadqiqot va innovatsion loyihalar tanloviga loyihalar mavzulari shakllantirdi. Xususan, neft va yoqilg‘i sohasida 5 ta, paxtani qayta ishlash bilan bog‘liq 3 ta, arxitektura va qurilish sohasida 3 ta, jami 11 ta ilmiy-tadqiqot loyihalari mavzulari shakllantirildi. Bu vazirlik va kompaniya o‘rtasidagi hamkorlikning birinchi bosqichi bo‘lib, keyinchalik turli sohalar bo‘yicha yana loyihalar tanlovlari e’lon qilib boriladi.

Memorandumga ko‘ra, ilmiy tadqiqotlarning xarajatlarining 50 foizi vazirlik tomonidan davlat byudjeti hisobidan to‘lansa, qolgan 50 foizi kompaniya hisobidan qoplanadi. Ta’kidlash joizki, rivojlangan mamlakatlarda ilmiy-tadqiqot ishlarini moliyalashtirishning salmoqli qismi — taxminan 60 foizi sanoat kompaniyalar ulushiga to‘g‘ri keladi. O‘zbekistonda esa bu ko‘rsatkich atigi 8 foizni tashkil etadi.

«Bu yurtimiz ilm-faniga xususiy sektor tomonidan bildirilgan katta ishonchdir, — dedi Innovatsion rivojlanish vaziri Ibrohim Abdurahmonov. — Xususiy biznesdan ilmiy tadqiqotlarni amalga oshirish uchun investitsiyalarning kiritilishi vazirligimiz o‘z oldiga qo‘ygan vazifalardan biri, ya’ni ilm-fan, ishlab chiqarish va tadbirkorlik integratsiyasining yaqqol misolidir. Hozirda yurtimizda klasterlar tizimini rivojlantirishga katta ahamiyat qaratilmoqda, mana shu klasterlarga aniq loyihalar ustida ishlayotgan olimlarning biriktirib qo‘yilishi klasterlarning rivojiga zamin yaratadi».

Sanoatning asosiy tarmoqlarida faoliyat yuritadigan o‘nlab korxonalarni o‘zida birlashtiruvchi PETROMARUZ kompaniyalar guruhining Direktorlar kengashi raisi Murtazo Raxmatov klasterlar tizimi ishlab chiqarishni yangi bosqichga ko‘tarayotganini ta’kidladi. Xususan, Buxoroda tashkil etilgan paxta-to‘qimachilik klasteri qisqa muddatlar davomida o‘z samaradorligini namoyish etdi.

«Klaster tuzilishidan avval 35 kishi faoliyat yuritayotgan korxonada bugunda minglab odamlar ish bilan band, — dedi Murtazo Raxmatov. — Amalga oshirayotgan ishlarimizni yanada samarali amalga oshirish uchun olimlarning yordami kerak. Negaki, bugungi texnologiyalar tez rivojlanib borayotgan davrimizda ilm-fan natijalarini qo‘llamay samaradorlikni oshirish, ishlab chiqarishdagi muammolarni bartaraf etish mumkin emas».


Yurtimiz iqtisodiyotiga har tomonlama hissa qo‘shib kelayotgan kompaniyalar guruhining tadqiqotlarni qo‘llab-quvvatlashi, ularning natijalarini ishlab chiqarishga joriy qilinishi iqtisodiyotning muayyan tarmoqlarini yangi bosqichga olib chiqadi, uning natijasida ishlab chiqarish samaradorligi o‘sadi, yangi ish o‘rinlari tashkil etilib, aholi yashash sifati oshadi.