«O‘zbekneftgaz» rahbari Bahodirjon Sidiqov juma kuni Energetika vazirligida bo‘lib o‘tgan brifingda kompaniya neft-gaz sohasi xaridlar tizimida korrupsiyaga qarshi qanday kurish olib borilayotgani haqida so‘zladi.

Yaqinda O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Senatdagi nutqida neft-gaz sohasidagi korrupsiya haqida shunday degan edi: «20 yil ichida neft-gaz sohasidagi barcha loyihalarning 50 foizi pora bilan bo‘lgan edi. Surg‘il neft-gaz loyihasida (Surg‘il koni bazasidagi Ustyurt gaz-kimyo majmuasi — tahr.) bir amaldor 80 mln dollar olgan! 80 mln! Xalq haqida kim o‘ylaydi?!»

«Tan olish kerak, neft-gaz sohasidagi xaridlar tizimida juda katta korrupsiya amalga oshirilgan. Bugun biz ishonch bilan aytishimiz mumkinki, «O‘zbekneftgaz» xaridlar tizimi shaffof. Birinchi navbatda, biz o‘zimizning «Neftgazinvest» korxonamiz orqali xaridlarni markazlashtirish yo‘li bilan buni amalga oshirdik.

Bu o‘tkazilayotgan barcha tanlovlar, tenderlarning saytlarda, OAVda keng yoritilishini ta’minladi. 50 ming dollardan ortiq bo‘lgan barcha xaridlar mening birinchi o‘rinbosarim tomonidan amalga oshiriladi", — dedi Bahodirjon Sidiqov.

«Eng katta muammo shundaki, bizning mentalitetimiz shunday shakllanganki, har qanday tanlov korrupsiya bilan bog‘liq. Hatto biz o‘tkazgan tanlovlarda barcha ko‘rsatkichlar bo‘yicha g‘olib bo‘lgan, ammo kelib pora taklif qilgan holatlar uchradi. Bular, afsuski mavjud bo‘lgan va biz bartaraf etish yoki tuzatishimiz kerak bo‘lgan holatlar», — dedi «O‘zbekneftgaz» rahbari.

Bahodirjon Sidiqov pora taklif qilayotgan korxona eng yaxshi taklifni bildirgan bo‘lsa ham tanlovdan chetlashtirilayotoani, tenderlar esa bekor qilinayotganini ta’kidladi.
«Shunday holatlar bo‘lmoqdaki, biz tenderni to‘xtatmoqdamiz va uni qayta e’lon qilib, korrupsiyaning kichik ko‘rinishi uchrayotgan kompaniyalarning ham ularda ishtirok etishiga yo‘l qo‘ymayapmiz», — dedi u.