2019 yilning 26 iyun kuni 2005 yilda tug‘ilgan o‘smir «exinokok» tashxisi bilan operatsiya qilinadi va u vafot etadi. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot xizmati xabar berdi.

Marhumning akasi, 1995 yilda tug‘ilgan fuqaro J.Q. 2019 yil 29 iyun kuni soat 10−30 larda Jizzax viloyat bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi xirurgiya bo‘limiga kelib, 1968 yilda tug‘ilgan bo‘lim mudiri T.H.ni qasddan o‘ldirish maqsadida o‘zi bilan olib kelgan oshxona pichog‘i bilan ko‘kragiga va qorin qismiga bir necha marta pichoq bilan urib, tan jarohati yetkazadi. Shu payt bo‘lim shifokori B.G‘. ularni ajratib qolishi natijasida J.Q. jinoiy maqsadini oxiriga yetkaza olmasdan, voqea joyidan qochib ketgan.

Shifokorlar tomonidan o‘z vaqtida ko‘rsatilgan malakali tibbiy yordam natijasida T.H.ning hayoti saqlanib qolingan.

Tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida J.Q. Zafarobod tumani, Uzun qishlog‘ida ushlanib, oshxona pichog‘i ashyoviy dalil sifatida olingan.

Mazkur holat yuzasidan Jizzax shahar prokuraturasi tomonidan o‘sha kunning o‘zida Jinoyat kodeksining 25, 97-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.

J.Q tegishli protsessual tartibda ushlangan.