29 iyun kuni atom elektr stansiyasini joylashtirish uchun maqbul maydoncha sifatida tanlab olingan Tuzkon ko‘li yaqinidagi hududda AES qurilishi bo‘yicha muhandislik-qidiruv ishlarining ikkinchi bosqichi boshlandi, deya xabar qildi «O‘zatom» agentligi matbuot xizmati.

Rossiyaning «Atomstroyeksport» korxonasi mutaxassislari mazkur hududda geofizik va seysmologik ishlarni olib boradi. Tadqiqotlar natijalari o‘rganiladi, ular asosida atom elektr stansiyasining texnik loyihasini ishlab chiqish davom ettiriladi.

Eslatib o‘tamiz, may oyi o‘rtasida O‘zbekiston Energetika vazirligi «Rosatom» davlat korporatsiyasi bilan o‘z ichiga loyihani amalga oshirish bo‘yicha shartnomalarni tayyorlash va kelishish bosqichlarini olgan AES qurilishining ikkinchi bosqichini amalga oshirish yuzasidan «yo‘l xaritasi» imzolangan edi. O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasida AES qurilishi bo‘yicha shartnoma 2019 yil oxirigacha tuzilishi mumkin.