Eron orqali kirib kelgan jazirama issiqdan so‘ng yaqin kunlarda havo haroratining qisqa muddatga pasayishi kutilmoqda, deya xabar qildi O‘zgidromet «Gazeta.uz"ga.

Bugun kunduzi havo harorati 40−43 darajaga, janub va cho‘l hududlarida sa 44−45 darajaga ko‘tarilib, ko‘p yillik o‘rtacha me’yordan 5−7 daraja yuqori harorat kuzatildi.

Ertaga O‘zbekistonning g‘arbiy hududlarida Volga bo‘yidan salqin va nam havo oqimlari kirib keladi. Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatida ayrim joylarda qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi va momaqaldiroq bo‘lishi, havo harorati 28−33 darajagacha tushishi kutilmoqda. Buxoro va Navoiy viloyatlarida ham harorat tushadi, biroq uncha past emas — kunduzgi soatlarda 33−38 darajagacha bo‘ladi.

Respublikaning qolgan hududlarida seshanba kuni jazirama issiq saqlanib qoladi — 40−43 daraja, janubda esa 44−45 darajagacha ko‘tariladi.

Chorshanba kuni salqin va nam havo oqimi butun O‘zbekiston hududiga yoyiladi. Toshkent, Samarqand, Jizzax va Sirdaryo viloyatlarida kechasi va ertalab ayrim joylarda qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi va momaqaldiroq bo‘lishi mumkin. Farg‘ona vodiysi hududida ertalab va kunduzgi soatlarda qisqa muddatli yomg‘ir va momaqaldiroq kuzatilishi mumkin. Respublikaning qolgan hududlarida yog‘ingarchilik kutilmayapti.

Bundan tashqari, 2−3 iyul kunlari O‘zbekistonning barcha hududlarida shamol tezligining 17−22 m/s, ayrim joylarda esa 25−28 m/s gacha kuchayishi mumkin. 3 iyul kuni havo harorati 30−35 darajagacha tushadi.

Biroq kelgusi kuni havo sekin-asta isishni boshlaydi. Hafta davomida havo harorati 35−40 daraja atrofida bo‘ladi.