O‘zbekiston IIV YHXBB yo‘l-patrul xizmati xodimlari uchun bodikameralar yetkazib berish muddatlari kechikayotganiga izoh berdi. Vazirlar Mahkamasining o‘tgan yil 1 dekabrdagi qaroriga ko‘ra bodikameralar 1 iyuldan joriy etilishi va shu kundan e’tiboran haydovchilar kamerasiz xizmat olib borayotgan YPX xodimlariga hujjatlarni ko‘rsatmaslik huquqiga ega bo‘lishi lozim edi.

1 iyul kuni IIV YHXBB matbuot xizmati ayni vaqtda ishlarning qariyb 80 foizi yakunlanganini ma’lum qildi.

YHXBB xabariga ko‘ra, tenderga 15 ta kompaniya ariza topshirgan, biroq ulardan 6 tasi sinash uchun uskunalarini taqdim etgan. Bodikameralarni xarid qilish to‘g‘risidagi shartnomada ularni yetkazib berish muddati 120 kun etib belgilangan.

Eslatib o‘tamiz, IIV may oyida O‘zbekiston ichki ishlar organlari bo‘linmalari hamda Toshkent IIB monitoring markazi uchun shaxsiy videoregistratorlar va ma’lumotlarni saqlash uskunalarini yetkazib berish bo‘yicha tanlovda INFINECOM yutib chiqqanini e’lon qilgan edi.

24 dekabrdagi prezident qarorida 1 aprelgacha PPX xodimlarini ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlarni rasmiylashtirish va ko‘rib chiqish elektron tizimi uchun mobil telefon va planshetlar bilan ta’minlash belgilangan edi.