O‘zbekiston mudofaa vazirining qurol-aslaha va qurollanish bo‘yicha o‘rinbosari polkovnik Oybek Ismoilov rahbarligidagi O‘zbekiston harbiy delegatsiyasi vakillari Rossiya Federatsiyasida o‘tkazilayotgan «ARMIYA-2019» V xalqaro harbiy-texnika forumida ishtirok etmoqda. Bu haqda Mudofaa vazirligi axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti xabar berdi.

Forum davomida turli davlatlarning korxona va kompaniyalarida ishlab chiqarilgan qurol-aslaha, harbiy texnika va harbiy-texnik mulklar namoyish etilmoqda.

O‘zbekiston delegatsiyasi forum davomida turli davlatlar korxona va kompaniyalarining vakillari bilan qo‘shinlarni zamonaviy qurol-aslaha va harbiy texnika, harbiy-texnik mulk hamda zaxira asbob va anjomlar bilan qurollantirish bo‘yicha muzokara o‘tkazmoqda.

Shuningdek, qurol-aslaha va harbiy texnikalarni modernizatsiya qilish va ta’mirlash hamda muhandislik-texniklar tarkibini tegishli davlatlar korxonalariga tajriba almashinuviga yuborish, davlatlar o‘rtasida harbiy-texnik hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha ham muzokaralar o‘tkazish rejalashtirilgan.

V xalqaro harbiy-texnik forum joriy yilning 30 iyuniga qadar davom etadi.