Prezident tomonidan yoshlar ma’naviyatini yuksaltirish va ularning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish bo‘yicha 5 ta tashabbus doirasida Yunusobod tumanidagi 257-maktabda qurilish-ta’mirlash ishlari amalga oshirildi. Bu haqda Jismoniy tarbiya va sport vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Jumladan, 29 iyun kuni Yunusobod tumanida joylashgan 257-umumta’lim maktabida mazkur tashabbuslarni ta’lim muassasalarida amaliyotga joriy etishga qaratilgan ommaviy tadbir o‘tkazildi. Jismoniy tarbiya va sport vazirligi, Yunusobod tumani hokimligi va tuman prokuraturasi tomonidan tashkil etilgan marosimda 500 nafardan ortiq tuman yoshlari ishtirok etdi.

Shu hududda yashovchi 7000 nafarga yaqin yoshlarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish, ularga sport bilan shug‘ullanishlari uchun zarur shart-sharoitlar yaratish maqsadida maktabning sport zali, stadioni, basketbol, voleybol, badminton maydonchalari, shaxmat va shashka xonalari Yunusobod tumani prokuraturasi tomonidan zamonaviy tarzda qayta ta’mirlanib, Jismoniy tarbiya va sport vazirligi tomonidan barcha zarur sport inventarlari bilan jihozlab berildi.

Marosim davomida maktabning stadionida o‘quvchi-yoshlar tomonidan basketbol, voleybol, futbol, badminton, shaxmat va shashka bo‘yicha mahorat saboqlari o‘tkazildi.