O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi rahbariyatida qator o‘zgarishlar sodir bo‘ldi. Bu haqda IIV matbuot xizmati xabar qildi.

Avval xabar qilganimizdek, polkovnik Aziz Anvarovich Toshpo‘latov ichki ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi.

Aziz Toshpo‘latov. Foto: Samarqand viloyati hokimligi matbuot xizmati.

U 2017 yil noyabridan Samarqand viloyat Ichki ishlar boshqarmasiga, 2015−2017 yillarda esa Namangan viloyat IIBga rahbarlik qilgan.

Davron Nazarmuhamedov.

Bunga qadar (2014 yil sentyabridan) vazirning birinchi o‘rinbosari lavozimida faoliyat ko‘rsatgan general-mayor Davron Abitovich Nazarmuhamedov Xorazm viloyati IIB boshlig‘i bo‘ldi.

Doniyor Qodirov. Foto: “O‘zbekiston” telekanali.

Polkovnik Doniyor Baxtiyorovich Qodirov ichki ishlar vazirining turizm va transport obyektlarida xavfsizlikni ta’minlash bo‘yicha o‘rinbosari bo‘ldi. Bunga qadar u IIV Transportda xavfsizlikni ta’minlash boshqarmasi boshlig‘i bo‘lgan.

Doniyor Toshxo‘jayev. Foto: “Gazeta.uz”.

Polkovnik Doniyor Baxtiyorovich Toshxo‘jayev IIV rahbari o‘rinbosari — Tergov departamenti boshlig‘i bo‘ldi. Bunga qadar u yanvardan buyon Toshkent IIBB boshlig‘i o‘rinbosari — Kadrlar boshqarmasi boshlig‘i, avvalroq — IIBB boshlig‘i o‘rinbosari — Tergov boshqarmasi boshlig‘i lavozimlarida faoliyat ko‘rsatgan. Yangi lavozimga 2017 yil martidan ushbu vazifada ishlab kelayotgan Akromxon Boboxonov o‘rniga tayinlandi.

Bundan tashqari, Samarqand viloyat Ichki ishlar boshqarmasiga — polkovnik Shavkat Navruzovich Rahmonov hamda Sirdaryo viloyat Ichki ishlar boshqarmasiga — polkovnik Shovkat Tohirovich Mavlonov tayinlandi.