3−14 iyul kunlari Neapolda (Italiya) talaba yoshlar o‘rtasida «XXX Butunjahon yozgi universiada o‘yinlari» bo‘lib o‘tadi. Ushbu nufuzli sport anjumanida O‘zbekiston delegatsiyasi ham ishtirok etadi, deya xabar qildi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi matbuot xizmati.

Butunjahon talabalar sport o‘yinlari yoki soddaroq qilib aytganda Universiada 50 yildirki, ahamiyati jihatidan jahon sport arenasida ikkinchi xalqaro kompleks tadbir hisoblanadi. Universiada — Xalqaro talabalar sporti federatsiyasi (FISU) shafeligida talabalar o‘rtasida Olimpiya sikldan farqli ravishda har ikki yilda bir marotaba o‘tkaziladi. Bahslarda 18 yoshdan 26 yoshgacha (25 yoshdan oshmagan) bo‘lgan talabalar ishtirok etishlari mumkin.

Bu galgi Universiadada 120 ga yaqin davlatdan 9000 nafarga yaqin talaba sportchi ishtirok etishi kutilmoqda.

Yozgi universiada dasturidan jami 18 ta sport turi bo‘yicha musobaqalar o‘rin olgan bo‘lib, 42 nafar o‘zbekistonlik talabalar yengil atletika, dzyudo, taekvondo WTF, badiiy gimnastika, tennis, sport gimnastikasi, o‘q otish hamda kamondan otish bo‘yicha medallar uchun bahs olib borishadi.

O‘zbekistonlik sportchilar ishtirok etayotgan sport turlari taqvimi:

3−7-iyul — sport gimnastikasi;

4−7-iyul — dzyudo;

4−9-iyul — o‘q otish;

5−13-iyul — tennis;

6−10-iyul — kamondan otish;

7−13-iyul — taekvondo WTF;

8−13-iyul — yengil atletika;

11−13-iyul — badiiy gimnastika.

Musobaqada terma jamoalarimiz quyi tarkibda ishtirok etadi: sport gimnastikasi — Rasuljon Abdurahimov, Xusniddin Abdusamatov, Abdulla Azimov, murabbiy: Rustam Irgashev; dzyudo — Davlat Bobonov (-90 kg), Sardor Nurillayev (-66 kg), Hikmatillo To‘rayev (-73 kg), Suxrob Tursunov (-81 kg), Muhammadkarim Xurramov (-100 kg), Diyora Keldiyorova -(52 kg), Xojinsa Kamoldinova (-63 kg), Amina Mamedova -(57 kg), Gulnoza Matniyazova (-70 kg), Nodira Yuldasheva (-78 kg), murabbiy: Abdukarim Tangriyev; o‘q otish — Saidxon Sayfuddinov, Vladimir Svechnikov, Vadim Skorovarov, murabbiy: Alyona Aksyonova; tennis — Humoyun Sultonov, Sanjar Fayziyev, Laylo Bahodirova, Kamola Umarova, murabbiy: Shuhrat Qayumov; kamondan otish — Javlonbek Abdubakirov, Yunus Sarmambetov, Gulnoza Maxamajonova, Gulmiraxon O‘rinboyeva, murabbiy: Janna Ziganshina; taekvondo WTF — Suxrob Bobobekov (58 kg), Niyaz Po‘latov (67 kg), Shuxrat Salayev (80 kg), Shahboz Tusmatov (68 kg), Shahboz Shofayziyev (74 kg), Charos Qayumova (53 kg), Zariya Qosimova (62 kg), Dinoraxon Mamadibragimova (57 kg), Nigora Tursunqulova (67 kg), Mavlon Rustamov (ko‘rgazmali), murabbiy: Fahritdin Umarov; yengil atletika — Shohrux Baratov, Shoxrux Davlatov, Vladislav Palyunin, Sanobar Erkinova, Aleksandra Yurkevskaya, Nurxon Muhiddinova, Dmitriy Melsitov, murabbiy: Alim Axmejanov; badiiy gimnastika — Rahmatova Dildora, murabbiy: Rogovaya Tatyana.