28 iyun kuni taxminan 13:30 da Jizzaxdagi «Istiqlol» bolalar bog‘ida attraksionning sinib, qulab tushishi natijasida 1999 yilda tug‘ilgan qiz hayotdan ko‘z yumdi, deya xabar qildi O‘zbekiston Bosh prokuraturasi matbuot xizmati «Gazeta.uz"ga.

"Uchar likopcha" attraksioni tutqichi sinib, harakatlanuvchi mexanizm qismi odamlari bilan yetti metrlik balandlikdan yerga qulagan. Unda sakkiz kishi bo‘lgan (video).

Halok bo‘lgan qiz Jizzax viloyati Sharof Rashidov tumani «So‘loqli» mahallasida istiqomat qilgan.

Bosh prokuraturaning qayd etishicha, attraksion 2019 yilda xususiy istirohat bog‘ida foydalanishga topshirilgan.

Jizzax viloyati IIB Tergov departamenti tomonidan 28 iyun kuni Jinoyat kodeksining 257-moddasi 2-qismi «a» bandi (Mehnatni muhofaza qilish qoidalarini buzish odam o‘limiga sabab bo‘lsa) bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

Jizzax viloyati prokuraturasi tergov ustidan nazorat o‘rnatdi.

May oyida Jizzax viloyati hokimligi matbuot xizmati bog‘ holati to‘g‘risida tanqidiy material e’lon qilgan, unda attraksionlarning sifatsiz ekani, baxtsiz hodisa sodir bo‘lishi mumkinligi tilga olingan edi.