Internetda 9 iyun kuni Andijon viloyati hokimi Shuhart Abdurahmonov raisligi ostidagi selektor yig‘ilishdan yozib olingan audioyozuv tarqaldi. 2,5 soatdan ortiq davom etuvchi qaydda ma’muriyat rahbari vazirlar, banklar rahbarlari, Andijon viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasi rahbarlari va boshqalarga nomiga haqoratli so‘zlarni aytgan. Mazkur yozuvning haqiqiy ekani tasdiqlandi. «Gazeta.uz» hokimiyat va O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirliklaridan izoh oldi (quyida e’lon qilinadi).

Yozuvda hokim qachonlardir viloyat rahbarligida ishlagan turli shaxslar hozirda bo‘sh yotgan 2135 ta ob’ektni xususiylashtirib, boshqa odamlar nomiga rasmiylashtirganini ma’lum qiladi.

«Yana ba’zi narsalar bor, ular haqda ayta olmayman. Bu o‘ziga yarasha „muqaddas“. Ularning barchasi bu yerda rahbar bo‘lib ishlagan. 2135 ta ob’ektni boshqalar nomiga rasmiylashtirishdi, ularning 128 tasi — yirik zavodlar va fabrikalar. O‘zlashtirishdi, marazlar, ifloslar. Hozir ularning hammasi — mening dushmanlarim… Nima uchun buni sizlarga aytayapman? Biz baribir poda xalqmiz. Agar [kimdir] yomon gap aytsa: „Hokim shunday qildi“, desa hamma unga qo‘shiladi. Lekin ulardan hech biri chiqib, „Hokim buni kim uchun qilayapti?“ — deb so‘ramaydi. Men shunchaki o‘tirib, tomosha qilishim mumkin. Qandaydir Ibragimov — bankir, Babayev, Obidov. Kimdir menga nimadir to‘ladimi? Ularning hech biridan qo‘rqmayman».

Shuhrat Abdurahmonov nima uchun 6:00 da selektor yig‘ilishi o‘tkazayotganini ma’lum qildi. Bug‘doy hosili to‘g‘risida so‘zlar ekan, fermerlarning o‘zlari hech narsa qilishni xohlamayotganini ta’kidladi. U kombaynlarni dalaga jo‘natishlari uchun fermerlarni ertalabdan uyg‘otib chiqishga to‘g‘ri kelayotganini aytdi.

Dilmurod Rahmatullayev. Foto: Kun.uz.

Viloyat ma’muriyati rahbari Andijon hokimi Dilmurod Rahmatullayevni haqoratli so‘zlar qo‘llagan holda tanqid qildi. «Shahardagi Rahmatullayev degan sh***l, i***sni kasal qilib o‘ldiraman! 20 yilga qamayman. O‘tgan yili „Nodirabegim“ parkiga prezidentimizdan so‘rab pul olganman. Kecha razbor qilyapman, pul ham yo‘q, quruvchi ham yo‘q. Yeb, yutib, Turkiyaga qochib ketgan, i***s. Hozir biz tutdirib obkeldik buyoqqa».

«Biz 48ta axlat [tashish] mashinani sotib oldik, 16tasini ishlatishyapti, qolganini shag‘al tashishga chiqarib yuboribdi, iflos. Axlat esa to‘planib ketyapti. Usmonov degan general hokimligida (Ahmadjon Usmonov, 2006−2013 yillarda Andijon viloyati hokimi bo‘lgan) men qishloq xo‘jaligi bo‘yicha o‘rinbosar edim. 15 kunda bir marta qishloq xo‘jaligi texnikalarini obkelib, shahar ichidan axlatlarni tashitardim».

«Qaysidir tumanlarda elektr energiyasidan muammo yo‘q. Ertaga qish keladi yana. Tadbirkor bo‘l, deyapmiz. Tadbirkor bo‘lish uchun birinchi nima kerak? Yer kerak, bino kerak, elektr kerak, suv kerak, yo‘l kerak. Qishda 50 foiz [tumanda]svet bo‘lmaydi, desak qiladimi u? Qilmaydi-da».

«Kecha vaziri kelib, menga aytyapti u ham: „Shuhrat aka, hisob-kitobini bersangiz, sizga qancha elektr energiyasi kerak?“ Menda ham bor sizlarda bor kalla. Elektrning vaziri (Alisher Sultonov — tahr.) men qayoqdan bilaman, deb menga savol beryapti. T***ymi u? Iloji yo‘q, hamma elektrosetni to‘plab, tadbirkorlarning ro‘yxatini qilishni buyurdim. Qishda qancha elektr energiyasi kerak bo‘lishini hisoblatdim. Yangi paydo bo‘layotgan tadbirkorlik sub’ektiga qancha kerak bo‘lishi. Uchinchidan, ishlamay turgan 2135ta XBKga o‘xshagan ob’ektlar o‘sha paytlar qancha quvvat iste’mol qilganini hisobla — chiqadi. Shunga aqli yetmayapti bu farosati yo‘qlarning. Yo aqli yetmayapti, yo atay qilyapti».

Alisher Sultonov.

Shuhrat Abdurahmonov Andijondagi vaziyatdan xabardor ekani, shuning uchun viloyatga yordam berishga harakat qilayotganini ta’kidladi.

«Andijondagi 2135ta bo‘sh turgan ob’ektni viloyatdan komissiya qilib, DXX, prokuratura, IIB, soliq va boshqa balo-battarlardan 16ta guruh qilib, 16ta tumanga jo‘natib, elab chiqdim. Andijondagi vaziyatni hozir prezident ham biladi. „Andijonga yordam qil, bo‘sh turgan ob’ektlarni [ishlaydiganlarga] ober“, deb turibdi. Kecha Shahrixonning hokimidan ana shu 2135ta ob’ektdan sening tumaningda nechtasi deb so‘rasam — bilmayapti! Bilmayapti, i***s, t***y! Odammas, e**k u! Bular bilan men qanday qilib ishlayman? Butun respublika ko‘chib kelib hozir menga yordam beryapti. Hokim esa o‘zidagi 167ta ob’ektdan bexabar, menda 51ta deyapti».

«Nima uchun bularni gapirayapman? Shunchaki buni bilishingizni xohlayman… Men uchun emas, Andijon uchun ishla. Ey i***s, nima deb sasiyapsan Andijon haqida? Ana qo‘shni viloyatlarga o‘tib kel. Alisher Usmonov degan milliarder Namanganda tug‘ilgan ekan. Namanganning tumanlarini obod qilishga 50 million dollar pul berdi. Andijonlik qaysi i***s menga bir so‘m pul berib qo‘yyapti? Endi borib Namanganda 50 mln dollarga u nima qilyapti-yu, bir so‘msiz Andijon nima qilyapti, solishtirib ko‘r!»

So‘ngra Andijon viloyati hokimi sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shodmonov va viloyat Sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i Avazbek Abdurahmonov haqida so‘zladi.

«Vazirchang menga xat yozibdi. Respublika rahbaring xat yozibdi, i***s. Kim u sh***l menga? „Siz, deydi, qaramabsiz, markazimizni prezidentimizning topshirig‘i bilan qiluvdik“, deydi. U qilibdi ekan, i***s! „Biz qilayotgan narsani quruvchingiz sifatsiz bajaryapti, to‘g‘rilatib qo‘ying“, deydi. Kim o‘zi u i***s?! Nega menga bunaqa xat qildiryapsan, ey sen, m***z, l***a, oblzdravning boshlig‘i, i***s? Sening nimadan xabaring bor o‘zi, aytgin? Kasaldan xabaring bo‘lmasa, undan xabaring bo‘lmasa? Anavi m***s, vazirchang, i***s, kecha menga kevolib, ketimga paxta qo‘yib, o‘zi Andijondan chiqqan, bosh prokurorga xat kirgizibdi: „Shpritsni o‘tkazyapti, tender qilmasdan, perchatkani (tibbiy rezina qo‘lqop — tahr.) o‘tkazyapti“, deb. Sen m***zsan, dudkasan! Sening boshingni yeyman, i***s. Otasiga rahmat, bosh prokuror (hozirda sobiq bosh prokuror Otabek Murodov — tahr.) menga „manavi vazir bilan gaplashib oling, bunaqa xat qilyapti“, deb aytdi».

«Men shpritsni katta xolamnikiga olib ketyapmanmi? Shpritsning nimasiga e’tiroz qilyapti? Sifatsizligigami? Sen medik sifatida ayt-chi, nimasi sifatsiz uning? Nega sifatli narsani sifatsiz, deyapsan, yur hokimning oldiga deb aytmading? **! Ikki tomonga o‘ynayapsan sen, i***s. Tilingni uzib olib, k****ga tiqib qo‘yaman sen m***zning hali. Sen h*****k men bilan o‘ynashyapsan. Lekin eshitib ol: bugun mening qo‘limda hokimiyat! Joningni sug‘urib olaman sen i***slarni!»

Alisher Shodmonov.

«Toshkentdagi bitta i***s bir yerdan import qilib olib kelyapti shpritsni. Uning tepasida 15−20 foizdan hammasi o‘tiribdi. Ularning rizqi qirqildi-da, endi. Men u yoqqa pul o‘tkazmayapman. O‘zimnikini olaman, deyapman. Shpritsni oldiga tashlab qo‘ydim. Hamma glavvrachlarni to‘plaganman. Manavi oliftalarni. Umrimda bormagan kasalxonangga bordimmi? Mana shprits, mana perchatka dedim. Sifatiga, narxiga e’tirozing bo‘lsa aytinglar, dedim. Bittang tishingning oqini ko‘rsatishmading. O‘sha shprits chiqaradigan zavodda 150 odam ishlayapti. U zavod menga soliq to‘layapti. U tadbirkor bechora pul sarfladi, zavod obkeldi. Unga yordam bermasam, uni qo‘llamasam ertaga o‘ladi, kuyadi, bankrot bo‘ladi».

«Nega men toshkentlik ikki i****ning dudkasiga o‘ynab, uning shpritsini olishim kerak? Pul meniki bo‘lsa, xalq meniki bo‘lsa! Bu **larning ana shunga keti kuyib, ana shu dudkaga qo‘shilib o‘ynab, buning idorasida to‘planib olib rosa xat qilishgan. E’lon qilayotgan aybini qarang: hokim sifatsiz narsani o‘tkazyapti. Ie? Nimasi sifatsiz? Bo‘ynimga qo‘yib ber meni, m***z!»

«Men o‘sha prokuraturaga yozgan xatini sening ******* ***** ******** ********. Vaziringga ham aytdim buni. Burgut qushni misol qilib berdim. Ey, Alisher Qayumovich! Burgut qush uchadi uchadi bitta joyda aylanadi. Shu yerda tug‘ilganman, shu yerdan chiqqanman, deb. „Ey, Shuhrat aka, undoq-bundoq“, deb ketdi menga paxtani qo‘yib. Uyog‘da sekin Bosh prokuraturaga mening ustimdan xat kirgizvoribdi. Sifatsiz narsani o‘tkazishyapti, deb. Mana!»

«Bor yo‘qol, hozir Toshkentga chiqib ketgin-da, ana shu gapingning uddasidan chiqib kelolsang kelasan. Bo‘lmasa ana shu yoqda yo‘qolib ket, ko‘zimga ko‘rinma! Xudoga shukr, prokuratura ham bugun biz bilan. Yomonlikka olganida tekshirardi. Bosh prokurorimiz (sobiq bosh prokuror — tahr.) bugun mening mehnatimni bilib turibdi. Senlar nimalarni o‘ylashayotganingni ular ham bilib turishibdi», degan viloyat hokimi viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘iga".

Hokim Andijondagi Nodirabegim nomidagi madaniyat bog‘i qurilishiga pul qanday olinganini so‘zlab berdi.

«Respublika Milliy banki bizda quriladigan „Nodirabegim“ bog‘i qurilishi uchun bankning Shayxontohur tuman filiali orqali pul berarmish. Nega mening o‘zimga bermaydi pulni? Shayxontohurdagi to‘rtta h*****k … ketigacha tilla, uzuk taqib olgan. Hammayog‘iga uzuk taqib olgan odam *******-da endi. Mening oldimga kelishdi. Men „O‘zimda quruvchi bor, nega menga Toshkentdan yetaklab kelyapsan?“ dedim. „Shuhrat aka, bilasizmi, bular jannat qiladi, bular shug‘ullangan, Toshkentdagi parklarni falon qilgan, piston qilgan“, deydi. „Ertaga sassig‘i chiqadi buni. Qo‘y, menga yaqinlashtirmagin bularni, o‘zim qildiraman“, dedim. Qasam ichib ketgandi. Mana endi chiqdi sassig‘i. Pulni olib turib, 400 ming dollarini shartta yechib olgan. Shartta Andijonning xalqiga berilgan pulning 400 ming dollarini yeb yuborishgan. Og‘zi ochiladiganlarga berib qo‘ygan, ular gapirmayapti endi. O‘zi sekin ishdan chiqib ketibdi. Qani o‘sha i***s, olib kelasan mening oldimga, desam, „aka, ular tag-tubi bilan dom-daraksiz yo‘q“ deyishyapti».

«Endi o‘rniga yangi bo‘lgani „Aka endi nima qilasiz?“, deb menga shart qo‘yyapti, i***s. „Sen kimsan, h*****k? Tupurganman senga o‘xshagan toshkentlikka“, dedim. „Kecha kelib qabulingizga kira olmadim“, deydi. O‘tiribdimi Andijonda hozir? „Xudoga shukr de, qamab qo‘ymayapman. Qimirlamaysan Andijondan, dedim. Toki shu „Nodirabegim“ bitmagunicha chiqmaysan Andijondan“, dedim. Qimirlamay o‘tiradi».

Shuhrat Abdurahmonov viloyatni rivojlantirish, kam ta’minlanganlar uchun uylar qurish uchun qo‘shimcha mablag‘larni jalb qilish juda qiyin kechayotganini ta’kidladi.

«Men avtosanoat raisidan Asakada bitta maktab va bitta bolalar bog‘chasi qurishda yordam berishini so‘radim. Yo‘l yoqasiga ham uylar qurilishi kerak. Men: „Menga pul ber, 5 mlrd so‘m kerak, homiylik qiling, yordam bering“, — dedim. Kambag‘al odamlarning uylarini tuzatish kerak. Iltimos qilaman. „Akajon“, „opajon“ deyman. Kimdandir pul olish osonmas. Yalinaman. Menga alam qiladi, tuman va shaharlar hokimlarida vazirlar bilan aloqaga chiqish vakolati bor. Birortasi gaplashmaydi. Hech kim so‘ramaydi. Devorga o‘xshab turadi. Men hammaga yalinaman, boshqa chora yo‘q, nima qilishim kerak? Tilanchilik bilan shug‘ullanman. Majburman. Vazirlarning menga bunday yozishi alam qiladi».

Sog‘liqni saqlash vazirligi izohi

Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmatining «Gazeta.uz»ga ma’lum qilishicha, Andijon viloyat hokimligida 2019 yil 3 yanvarda o‘tkazilgan yig‘ilish bayoni qarori bilan viloyat moliya boshqarmasiga pul mablag‘larini tibbiyot muassasalaridan yig‘ib olib, viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi hisob raqamiga markazlashtirish hamda ushbu pul mablag‘lariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri tuzilgan shartnomalarga muvofiq, shprits, infuzion sistema va tibbiy qo‘lqoplar sotib olish topshirilgan.

Biroq «Davlat xaridlari to‘g‘risida"gi qonunga ko‘ra, to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnoma tuzish yo‘li bilan ushbu tibbiy buyumlarni xarid qilish taqiqlangan. Yuqoridagi topshiriq asosida Andijon shahrida joylashgan «MAKRO FARM ANDIJON» MCHJ bilan yuqoridagi qonun talablariga zid ravishda tuzilgan to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar asosida jami 6,3 mlrd so‘mlik muvofiqlik sertifikati mavjud bo‘lmagan shprits va sistemalar sotib olingan.

Xuddi shunday tartibda topshiriq asosida Andijon shahridagi «GOLD GROWN PHARMA» MCHJdan noqonuniy ravishda jami 20,1 milliard so‘mlik muvofiqlik sertifikati mavjud bo‘lmagan tibbiy qo‘lqop mahsulotlari xarid qilingan.

«Aslida ushbu mablag‘larga viloyat aholisiga tibbiy xizmat ko‘rsatish uchun dori vositalari va boshqa zarur tibbiy bumlar ham sotib olinishi lozim edi, — deydi Sog‘liqni saqlash vazirligining Yuridik bo‘limi boshlig‘i Ruslan Muxammadiyev. — Buning oqibatida, Andijon viloyatida 2018−2019 yillarda shprits, sistema va qo‘lqoplar bilan ta’minot darajasi zarur ehtiyojdan bir necha marotaba ortiqqa ta’minlangan, lekin shoshilinch yordam uchun kerakli bo‘lgan va boshqa dori vositalari ehtiyojga nisbatan bir necha marotaba kam xarid qilingan.

Oddiy qilib aytganda, pul mablag‘larining noto‘g‘ri taqsimlanishi va davlat xaridlarini amalga oshirish tartibi buzilishi oqibatida o‘rganilgan tashkilotlarda viloyat aholisining dori vositalariga bo‘lgan ehtiyoji 44,5 foizga («Aktovegin» dori vositasiga bo‘lgan ehtiyoj hatto 5 foizga) ta’minlangan bir paytda, qo‘lqop 265 foizga, sistema 103 foizga hamda shprits 500 foizga ehtiyojdan ortiq sotib olingan.

«Amaldagi qonun hujjatlari talablariga muvofiq, — deydi R.Muxammadiyev, — yuqoridagi ko‘rsatilgan tibbiy buyumlar majburiy ravishda sertifikatlashtirilishi, ya’ni sifati O‘zbekiston Respublikasida amalda bo‘lgan standartlarga to‘liq javob berishi shart edi. Tabiiyki, bunday sertifikati bo‘lmagan mahsulotlarni sotish va ishlatish umuman mumkin emas. Lekin shunga qaramay, ko‘rsatilgan holatda bunday sertifikati bo‘lmagan (hattoki 47 ta holatda bunday sertifikat berish rad etilgan) sifatsiz tibbiy buyumlar sotib olingan».

Ushbu holatlar vazirlik tomonidan aniqlanganidan keyin dastlab 13 may kuni Andijon viloyat hokimi nomiga bu to‘g‘rida rasmiy xat yuborilib, yuzaga kelgan muammoli masalaning yechimida amaliy yordam ko‘rsatish so‘ralgan. Vaziyat bo‘yicha hech qanday ijobiy o‘zgarish sezilmaganidan keyingina hamda viloyat tibbiyot muassasalarida dori vositalariga ehtiyoj kuchayib, dori vositalari ta’minoti bilan bog‘liq vaziyat chigallashishni boshlaganidan keyin (oradan 15 kun o‘tib) joriy yilning 28 may kuni O‘zbekiston Bosh prokuraturasiga yuqoridagi holat bo‘yicha to‘plangan materiallar yuborilgan va masalaning oqilona yechimini topishda amaliy yordam ko‘rsatish so‘ralgan.

«Ta’kidlash kerakki, O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasiga yuborilgan xatda Andijon viloyati hokimligi yoki hokim Sh.Abdurahmonov haqida hech qanday ma’lumot mavjud emas», — deyiladi bayonotda.

Andijon viloyati hokimligi izohi

Shuhrat Abdurahmonov quruvchi tashkilotlar bilan uchrashuvlardan birida.

Andijon viloyati matbuot xizmati «Gazeta.uz»ga tibbiy vositalarni sotish bo‘yicha korxonalar monopoliyasi o‘rnatilganini ma’lum qildi.

O‘zbekiston prezidentining 2017 yil 7 noyabrdagi «Farmatsevtika tarmog‘ini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi PF-5229-sonli Farmoniga ko‘ra, 2018 yilning aprel oyida «GOLD GROWN PHARMA» MCHJ tomonidan ijtimoiy ahamiyatga ega tibbiy buyumlar ro‘yxatiga kiritilgan tibbiyot qo‘lqoplari (perchatka) ishlab chiqaruvchi korxona tashkil etildi va 150 ta yangi ish o‘rini yaratilib, mahalliy byudjetga oyma-oy 75 mln so‘mgacha soliq to‘lovlari amalga oshirilyapti.

Shuningdek, 2018 yil dekabr oyida «MAKRO FARM ANDIJAN» MCHJ tomonidan shprits va infuzion sistemalar ishlab chiqarish korxonasi tashkil etildi. 110 ta yangi ish o‘rini yaratildi. Har oyda mahalliy byudjetga 60 mln so‘mgacha soliq to‘lovlari kelib tushmoqda.

Ushbu korxonalarda har yili 24 mln dona nosteril va 54 mln. juft steril xirurgik tibbiy qo‘lqoplar hamda 136 mln dona shpritslar ishlab chiqariladi. Narx masalasiga kelsak, bugungi kunda davlat tibbiyot muassasalariga 2 ml. hajmdagi shprits 260−300 so‘mdan, 5 ml. shprits 280−500 so‘mdan, 10 ml. shprits 320−600 so‘mdan xarid qilinmoqda. Respublika komissiyasi tomonidan ulgurji sotish narxlari bir dona nosteril rezina qo‘lqoplari uchun 650 so‘m va bir juft steril xirurgik rezina qo‘lqoplari uchun 2500 so‘m etib belgilangan.

Hozirda «MAKRO FARM ANDIJAN» MCHJ tomonidan 2 ml. hajmdagi shprits 220 so‘mdan, 5 ml. shprits 245 so‘mdan, 10 ml. shprits 310 so‘mdan, «GOLD GROWN PHARMA» MCHJ tomonidan nosteril rezina qo‘lqoplari 500 so‘mdan, bir juft steril xirurgik rezina qo‘lqoplari 1800 so‘mdan davlat tibbiyot muassasalariga yetkazib berilmoqda.

2019 yil davomida Andijon viloyatida faoliyat olib borayotgan davlat tibbiyot muassasalari «GOLD GROWN PHARMA» MCHJ bilan 8,4 mln dona nosteril qo‘lqoplar, 9,6 mln juft steril xirurgik qo‘lqoplar xarid qilish uchun hamda «MAKRO FARM ANDIJAN» MCHJ bilan 5 turdagi 11,2 mln dona shpritslarni xarid qilish uchun shartnomalar imzolangan va izchil bajarib kelinmoqda.

Mazkur shartnomalar imzolanishi va tibbiyot buyumlarini davlat tibbiyot tashkilotlariga sifatli va arzon narxlarda yetkazib berilishi hisobiga tibbiyot qo‘lqoplari xarididan byudjet uchun 6 mlrd 902 mln so‘m hamda shprits xarididan 2,1 mlrd so‘m mablag‘lar iqtisod qilingan, deya ma’lum qildi hokimiyat.

Shu tariqa hosil bo‘lgan qo‘shimcha 9 mlrd so‘m mablag‘ evaziga 600 o‘rinli zamonaviy maktab qurib, jihozlash mumkin. Yoki 2 ta yangi bog‘cha barpo etish imkoniyati mavjud. Aynan yuqoridagi summa 4 ta bog‘cha yoki maktabni rekonstruksiyasiga kifoya qiladi. 9 mlrd so‘mga 3 ta QVP yoki butun boshli tibbiyot birlashmasini zamonaviy ko‘rinishda rekonsruksiya qilib, jihozlasa bo‘ladi. Shu mablag‘ga 90 ta oila uchun uy qurish, yoki 60 kilometrga ichimlik suvi tarmog‘ini tortish mumkin. Yuqorida iqtisod qilingan mablag‘ 80 kilometr yo‘lni shag‘allash yoki 30 kilometr yo‘lga asfalt yotqizish harajatlarini qoplaydi.

Shuningdek, 14 yanvardagi PF-5629-sonli Farmonga asosan Andijon tumani, Xortum qishlog‘i, Zahiriddin Muhammad Bobur massivi hududida jami 52 gektar yer madonida «Andijon-farm» erkin iqtisodiy zonasi tashkil etilmoqda. Ushbu hududda («GOLD GROWN PHARMA» MCHJ hamda «MAKRO FARM ANDIJAN» MCHJ va boshqa tashabbuskorlarning) 2019−2020 yillar davomida umumiy qiymati 1 trln 20,6 mlrd so‘m miqdoridagi, shundan xorijiy investorlar mablag‘lari hisobiga 84 mln dollarlik yangi farmatsevtika loyihalari ishga tushirilishi hamda 1 415 nafar yangi ish o‘rinlari yaratilishi rejalashtirilgan.

Viloyatda mazkur loyihalarni amalga oshirishda 2019−2020 yillar davomida import qilinayotgan farmatsevtika mahsulotlarini mahalliylashtirish hisobiga 524,7 mln dona dori vositalari ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilib, sohaning eksport salohiyati 15 foizga o‘sishiga hamda dori vositalari va tibbiy buyumlarning tannarxi 30 foizgacha pasayishiga erishiladi.

Viloyat hokimligi matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, viloyat hokimining birinchi galdagi vazifasi aholi muammolarini o‘rganish va xalqqa xizmat qilishdan iborat.

O‘zbekiston hududining yuzdan bir foizini tashkil qiluvchi viloyatda mamlakat aholisining qariyb yuzdan o‘n foizi istiqomat qiladi. Tabiiy o‘sish 53 ming kishiga to‘g‘ri keladi. Bu degani aholi soni har 12 oyda Xonobod shahri (42 ming) yoki Ulug‘nor tumani (54 ming) aholisiga teng miqdorda ko‘paymoqda. Zichlik borasida nafaqat mamlakatimizd yoki Osiyoda, balki dunyoda yetakchi o‘rinlarda turuvchi Andijon viloyatida ijtimoiy-iqtisodiy muammolar alohida dolzarblik kasb etishi tabiiy hol.

Viloyat hokimining qabul kunlari yuzlab fuqarolar murojaat qiladilar. Ertalab 8 dan boshlab, kech soat 22 gacha davom etadigan ochiq muloqotlarda aholi muamollarini hal qilish bo‘yicha choralar ko‘riladi. Hokimning feysbuk, instagrammdagi sahifalariga, bevosita mobil telefoniga kelib tushadigan murojaatlar ham e’tibordan chetda qolmaydi. Ularning yechimini topish, yuzaga keladiganlarining oldini olish yuqori jadallik bilan ishlashni taqozo etadi. Bir kun, hatto bir soatlik sustkashlikning ta’siri seziladi, deya qayd etdi viloyat hokimligi matbuot xizmati.

«Shu o‘rinda bo‘lib o‘tgan yig‘ilishning ijtimoiy tarmoqlarda yoritilishiga to‘xtalsak. Yig‘ilishning amaliy samarasi chetda qolib, aynan ehtirosli jihatlari bo‘rttirib ko‘rsatilgan. Viloyat hokimi o‘sha dori vositalari atrofidagi muammolarni avval ham bir necha bor ko‘targan. Mutasaddilarga ularning narx-navo, sifat ko‘rsatkichlarini tahlil qilish yuzasidan topshiriq bergan edi. Ijtimoiy tarmoqlarda bu jihatlar tushirib qoldirilgan. Bu kabi yondashuvni shov-shuv ko‘tarish, soxta obro‘ orttirish deb baholash mumkin», — deyiladi bayonotda.