Toshkentdagi Farg‘ona yo‘l ko‘chasini rekonstruksiya qilish doirasida 65 ta daraxtni kesish rejalashtirilmoqda, deya xabar qildi Toshkent avtomobil yo‘llari hududiy boshqarmasi «Gazeta.uz"ga. Loyihaga ko‘ra, daraxtlar o‘rnida oqava ariqlar o‘rnatiladi. Kelgusi yili Nukus ko‘chasidan Toshkent halqa yo‘liga qadar Farg‘ona yo‘li ko‘chasini kapital ta’mirlash rejalashtirilmoqda.

«Dastlab 150 dan ortiq daraxtni kesish ko‘zda tutilgan edi. Biz yo‘qotishlarni imkon qadar qisqartirdik. Bu (kesish — tahr.) „O‘zavtoyo‘l“ (O‘zbekiston avtomobil yo‘llari davlat qo‘mitasi — tahr.) loyihaviy hujjatida ko‘zda tutilgan», — dedi Toshkent shahar Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi boshlig‘i v. b. Nodirjon Yunusov.

«65 ta daraxtni Farg‘ona yo‘li ko‘chasida tramvay yo‘li bo‘ylab Sayxun ko‘chasidan Toshkent avtomobil halqa yo‘ligacha bo‘lgan qismida kesish mo‘ljallanmoqda. Ushbu uchastkada faqat bir tomonda oqava ariq mavjud. Yo oqava ariq bo‘ladi yoki daraxtlar qoladi. Biz oqava ariqni surishni o‘yladik, ammo odamlar daraxtlar o‘rtasidagi piyodalar yo‘lagi bo‘ylab yurishi kerak bo‘lardi. Xavfsizlik maqsadida, mashinalar piyodalarni ko‘rishlari uchun daraxtlarni baribir kesishga to‘g‘ri kelardi. Ariqdan keyin bir yarim yoki ikki metr enlikdagi piyodalar yo‘lagi quriladi. [Toshkent] hokimi qarori bor, ekologiya ruxsatnomasi bor. Tramvay liniyasi o‘rnidagi yo‘l kengligi 6 metr atrofida, uni 15 metrga kengaytiramiz», — dedi Toshkent buyurtmachi xizmati hududiy boshqarmasi bosh muhandisi Rustam Ziyomuhammedov «Gazeta.uz"ga.

U kelgusi yili Farg‘ona yo‘li ko‘chasi Nukus ko‘chasidan Toshkent avtomobil halqa yo‘ligacha kapital ta’mirlanishi rejalashtirilayotganini qo‘shimcha qildi. Uylarni buzish, daraxtlarni kesish va yo‘lni har tomondan 4 ta yo‘lak qadar kengaytirish mo‘ljallanmoqda.

«Shimoliy vokzal ko‘prigidan Farg‘ona (Risoviy) bozorigacha egri-bugri bo‘lmaydi. Qo‘yliqqacha to‘g‘ri yo‘l bo‘ladi. Shuning uchun uylar, muassasalar buziladi. Hozirda ushbu loyiha ishlab chiqilmoqda», — dedi Rustam Ziyomuhammedov.

Farg‘ona yo‘li ko‘chasida daraxtlarning kesilishi to‘g‘risidagi xabar 27 iyun kuni «Potribitel.Uz» Facebook-guruhida e’lon qilingan edi. Ishchilar aholiga yo‘lni kengaytirish uchun 156 ta daraxt kesilishini ma’lum qilgan. Yangilik fuqarolarning e’tirozlariga sabab bo‘ldi.

2019 yilda (24 may holatiga ko‘ra) Toshkent Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasiga 12 ming 392 tup daraxtni kesish bo‘yicha 840 ta murojaat kelib tushgan. Ulardan 354 ta holatda 6445 tup daraxtni kesishga rad javobi berilgan. Qurigan deb topilgan 1104 tup daraxtni kesish bo‘yicha 116 ta muroaat qanoatlantirilgan.