Zanjirli ta’minot boshqaruvi tizimi (ZTB) yoki «Supply Chain Management» hozirgi kunga kelib juda ommabop mavzulardan biriga aylanmoqda. Bunga asosiy sabablardan biri — jahon bazorining yildan-yilga kengayib borishidir. Mamlakatlar orasidagi mavjud bo‘lgan ijobiy aloqalar ilg‘or qadamlar bilan savdo sohasidagi mahsulot ayirboshlash tizimini kengaytirib, unga ilhom baxsh etmoqda. Mamlakatlar orasidagi savdo-sotiqni tezlashish sur’ati trasport sohasi rivojlangani uchun juda qulay keldi. Aynan transport sohasi ortidan jahon bozori global tus oldi.

80-yillardan oldingi vaqt mobaynida mahsulotni bir mamlakatdan ikkinchi mamlakatga yetkazib berish murakkab bir jarayon hisoblangan bo‘lsa, endilikda o‘sha maxsulot bir necha kun yoki soatlarlar ichida sotuvchidan mijozga yetkazib berilmoqda. Hozirga kelib biznesda ishlab chiqarishga yondashish turli xilda tus olgan, rivojlangan mamlakatlar iloji boricha o‘z mahsulotlarini ishlab chiqarishni ishchi kuchi arzon bo‘lgan mamlakatlarga ko‘chirmoqda. O‘z navbatida, nafaqat ishlab chiqarish, balki mahsulotlarga kerakli bo‘lgan komponentlarni ham arzonroq topish imkoni bo‘lgan mamlakatlar ishlab chiqarish jarayoniga jalb qilinmoqda. Yuqoridagi bayonotga misol tariqasida mashhur iPhone uyali telefonlarini keltirish mumkin. iPhone mahsulot sifatida Foxconn Technology Group (Taiwan) shartnoma asosida ishlab chiqaruvchi tashkilot ostida Xitoydagi eng yirik zavodlardan birida ishlab chiqariladi.

Birgina iPhone uyali telefonlarini ishlab chiqarishda 30 dan ortiq mamlakatdan unga tegishli komponentlar yetkazib beriladi. iPhone komponentlarining asosiy qismi Xitoy va Yaponiyadan yetkazib beriladi. Undan keyingina navbatni AQSH egallaydi. Ushbu misol bizga shuni yaqqol ko‘rsatib turibdiki, mahsulot ishlab chiqarishda qiyosiy ustunlik (comparative advantage) nazariyasi asosida qaysi mamlakat biror komponentni ishlab chiqarishda narx va imkoniyatlar borasida ustunlikka ega bo‘lsa, mahsulot o‘sha mamlakatda ishlab chiqarilmoqda. Shu tariqa mahsulot ishlab chiqarish zanjirli ta’minot boshqaruvi tizimi yuksak darajada bo‘lsagina u ishlab chiqarishda hech qanday yetishmovchiliklarsiz muvoffaqiyatga erishadi.

Mahsulotni dastlabki ishlab chiqarishdagi jarayondan tortib, uni tayyor mahsulotga aylantirish hamda so‘nggi iste’molchilar havolasiga, chakana savdo do‘konlarigacha yetkazib berish jarayonini qamrovchi ZTB foyda hamda tejamkorlikning asosiga aylanadi. Yana o‘sha mashhur iPhone uyali telefonlari asoschisi Apple kompaniyasiga nazar tashlasak, ushbu kompaniya 2014 yilni o‘zidayoq AQSHda yaratgan ish o‘rinlarining deyarli yarmi zanjirli ta’minot tizimi hissasiga tegishlidir (48,7%), bu esa o‘z navbatida sohani naqadar muhum ekanligidan dalolat beradi.

Yuqoridagi keltirilgan bayonotlar mahsulot ishlab chiqarishdagi jarayon mobaynida ZTBning muhimligini tasdiqlab o‘tgan bo‘lsa, ushbu o‘rinda yana bir yo‘nalish ZTBning muhimligini yanada tasdiqlab o‘tadi. Ushbu jarayon online tizimda bo‘lgan mahsulot savdosidir yoki elektron tijorat deb ataladi. Dunyo bo‘yicha mahsulotlar savdosi uni har doim kelishilgan vaqtda yetkazib berishni o‘z zimmasiga oladi, bu esa o‘z navbatida ZTBning xalqaro darajada faoliyat olib borishni talab qiladi. Hozirga kelib an’anaviy savdo-sotiq qilish tizimiga nisbatan e-commerce/elektron tijorat savdo qilish uslubi o‘sish sur’ati tezlashmoqda. Kompaniyalar elektron tijorat orqasidan ancha tejamkorlikni nazarda tutadilar.

Agar an’naviy savdoda kompaniya har oylik savdo markazini ijarasi mablag‘ sarflasa (savdo uchun joy kamida 1 oy yoki 6 oyga olinadi), elektron tijorat tizimi orqali ushbu jarayon yashi ishlangan wyeb-sahifa bilan kifoya bo‘ladi. Agar ananaviy savdo ichshilar hamda ularni oylik maoshi bilan shug‘ullansa, elektron tijorat wyeb-sahifani texnik tarafdan stabil holatda bo‘lishini ta’minlashni ta’kidlaydi. Ko‘rinib turibdiki, elektron tijorat foyda hamda tejamkorlik tamonindan oldindadir.

AQSHda 2018 yilda 2017 yilga nisbatan o‘sish sur’ati elektron tijorat tizimi zimmasiga 15 foizni tashkil qilgan bo‘lsa, bu ko‘rsatkich an’anaviy savdo-sotiq tizimida atigi 3,7 foizni tashkil qilgan. O‘zbekistonning eng katta savdo-sotiq hamkorlaridan biri Rossiya Federatsiyasida ham elektron tijorat jadal tarzda oldinga bormoqda. Rossiyaning Yandex money, Webmoney hamda KIWI wallet kabi tizimlari haridorlarga onlayn tarzda mahsulotlarni sotib olishga qulaylik yaratmoqda. Rus xaridorlarining asosiy onlayn xarid mahsulotlari bu maishiy texnika, kiyim-kechak, kompyuter, noutbuk va ularga tegishli ehtiyot qismlar hozirda eng yuqori pog‘onani egallab kelmoqda. Xullas, elektron tijorat ham ZTBning muhimligini va usiz ishlay olmasligini tasdiqlaydi.

Zanjirli ta’minot boshqaruvi tizimi (ZTB) o‘z ichiga to‘g‘ri tanlangan mahsulotni, mo‘ljaldagi xaridorga, ayni kelishilgan miqdorda hamda belgilangan vaqt mobaynida yetkazib berish faoliyatlarini qamraydi.

ZTB (SCM) rejalashtirish hamda prognoz ishlarini olib borish, sotib olish, mahsulotni yig‘ish, ko‘chirish, saqlash, taqsimlash, savdo hamda mijozlarga hizmat ko‘rsatish kabi jarayonlarini o‘z diqqat markaziga oladi (Ko‘rinib turibdi-ku, yirik bir jarayonlardan bo‘lmish logistika ham ZTBning bir asosiy qismigina ekan xolos).

Quyidagi diagramma zanjirli jarayonlarda ZTBning sodda bir ko‘rinishdagi umumiy bosqichma-bosqich jarayonlarini hamda ularda faol va uzluksiz holda bo‘lgan, ya’ni mahsulot ishlab chiqish jarayonidan tortib, uni mijozlarga etib borgunga qadar bo‘lgan jarayonlarda qatnashishni namoyon etadi:

Jahon miqyosida raqobatni kuchayishi ayni vaqtda ZTBning muhimligini yana bir bor tasdiqlamoqda. Oddiy misol qilib aytish mukinki, agarda X kompaniyasi raqobat bozorda eng sifatli mahsulotga ega bo‘lishi mumkin, lekin noto‘gri natlangan ZTB jarayonlari sababli u mijozga mahsulotni o‘z vaqtida yetkazib bera olmasligi mumkin yoki buning uchun juda katta mablag‘ sarflab foyda ulushini kam bo‘lish holatlarini keltirib chiqarishi mumkin. Bu jarayonning oldini olish uchun esa X kompaniyasi global biznes muhitni sinchkovlik bilan o‘rganishi, innovatsion hamda tezkor yechimlarni ZTBdan qidirmog‘i zarur.

Hozirgi kunga kelib ZTB kompaniyalarning foyda miqdorini oshirishdagi hamda ularning bozordagi ulushning oshirishdagi eng samarali yo‘llardan biri bo‘lib kelmoqda.

Shuni ta’kidlab o‘tish lozimki, mamlakat yoki jahon miqyosida turli tashkilotlar ZTB tizimining o‘zaro muvofiqlashtirilishi (coordination) ishlarini olib boradi. Masalan, 1984 yilda tashkil topgan European Logistics Association, Institute of Supply chain Managament (IoSCM — Buyuk Britaniya), hamda 1963 yilda tashkil topgan Council of Supply Chain Management Professionals (CSCMP), O‘zbekiston miqyosida esa xalqaro transport terminallari va logistika markazlarini misol qilib olish mumkin. Ushbu aytib o‘tilgan tashkilotlar turli mamlakatlarda faoliyatni cheklovchi davlat qonunchilik doirasida mavjud bo‘lgan to‘siqlarni bartaraf qilishga, turli tadbirkorlik sohalarida logistika tizimini shakillantirishga hamda ularning malakasini oshirishga hizmat qiladi.

Jahon Banki tamonidan mamlakatlarning logistik faoliyat indeksini o‘lchovchi LPI (Logitics Performance Index) tizimi yaratilgan bo‘lib, u mamlakatda logistika bo‘yicha faoliyat yuritishda qanday qiyinchiliklar va imkoniyatlarni aniqlash va ularni faollashtirish uchun nima kerakligini aniqlovchi interaktiv qiyosiy vositadir. LPI jahonning 160 turli mamlakatini taqqoslash imkonini beradi.

Ushbu 160 davlat ichida 2018 yilgi o‘lchovlar asosida Germaniya yetakchi o‘rinda, O‘zbekiston esa 99-o‘rinni egallagan (Rossiya 75, Qozog‘iston 71).

1- rasm. (Manba: Jahon banki)

Rasmdagi rang kodlari — rangning to‘qlik darajasi mamlakatda LPIning yuqoriligidan dalolat beradi. Bu esa, o‘z navbatida, investorlar uchun ushbu mamlakat to‘g‘risidagi sharoitlarni namoyish eta oladi.

Keling, LPIga yaqinroq nazar tashlaymiz hamda O‘zbekiston va Skandinaviya davlatlaridan biri bo‘lmish Daniyani (LPI-8) misol tariqasida olamiz:

2- rasm 2. (Manba: Jahon banki)

Yuqoridagi rasmdagi sxema quyidagi o‘lchovlarni qamragan:

  • Customs / chegaraviy nazorat organlari shu jumladan bojhona organlarining samaradorligi (Masalan, ish olib borish tezligi, jarayonning sodda yoki murakkabligi hamda rasmiylashtirish ishlari).
  • Infrastructure — savdo va transport bilan bog‘liq infrastruktura sifati (Masalan, portlar, temir yo‘llari, avtomobil yo‘llari, axborot ayirboshlash texnogiyalari).
  • International Shipments / mahsulotlarni raqobatbardosh narxlar asosida jo‘nata olish imkoniyatlari.
  • Logistics Competence / logistika hizmatlarining malakasi va sifati (masalan, transport operatorlari, bojxona brokerlari)
  • Tracking and Tracing / yuklarni tashish jarayonida ularni kuzatib borish qobiliyati.
  • Timeliness / aytilgan manzilga kelishilgan vaqt mobaynida yukni yetkazib berish qobiliyati.
  • hamda LPI, bu yuqoridagi o‘lchovlarning barini o‘rtacha umumiy hisob ko‘rsatkichidir.

Taqqoslar asosida bizga yaqqol ko‘rinib turibdiki, O‘zbekistonning hozirgi sharoitdagi asosiy LPI bo‘yicha oqsoqlanishi, bu — chegaraviy hamda bojxona nazoratini faol emasligi, jarayonning uzoq vaqt olishi, undagi rasmiylashtirish ishlarini murakkabligidir.

Ushbu masalada bojhona xizmat punklari sonini oshirish hamda ular talab qiladigan hujjatlar ro‘yxatini qisqartira olish. Shu bilan birgalikda, davr talablariga asoslangan holda ko‘p jarayonlar onlayn tizimida bajarilishiga o‘tishi umimiy jarayonning rivojlanishiga turtki bo‘la oladi.

Daniya misolida yuqoridagi sxemaga asosan, eng yaxshi ko‘rsatkich mahsulotlarni kelishilgan vaqtda yetkazib bera olish qobiliyatini ko‘rishimiz mumkin. Ushbu ko‘rsatkish kompaniyalar uchun eng muhim ko‘rsatkichlardan biri bo‘lib, u eng asosiysi kompaniyalar orasida o‘zaro ishonchni uyg‘ota oladi. Ishonch esa halqaro biznes muhitida eng muhim o‘lchovlardan biridir.

Rivojlangan davlatlar orasida mahsulot ayirboshlash allaqachon global tusda amalda qo‘llaniladi. Bu esa o‘z navbatida mahsulot transportirovkasi bilan shug‘ullanuvchi kompaniyalardan yuqori samaradorlik hamda mahoratlarni talab qiladi. Talab esa, o‘z navbatida, jarayonga raqobatni keltirib chiqaradi. Shunday ekan, hozir O‘zbekiston uchun raqobatbardosh, ishonchli hamda samaradorlikka urg‘u beruvchi muhitni yuzaga kelishiga xissa qo‘shuvchi iqtisodiy siyosat sharoitini yaratish lozim.

Xulosa tariqasida shuni takidlab o‘tish lozimki, zanjirli ta’minot boshqaruvi tizimi jiddiy e’tiborni jalb qiluvchi tizimdir. Uni puxta va har tamonlama sinchkovlik bilan o‘rgangan kompaniyalar o‘z faoliyatida nafaqat uzoqni o‘ylaydi, balki sarf-xarajatlarini e’tiborli darajada qisqartira oladi. Zanjirli ta’minot boshqaruvi tizimi yuqorida ta’kidlab o‘tilganidek, mahsulotni yaratish jarayonidan boshlab, uni mijozga yetkazib bergungacha bo‘lgan jarayonni qamraydi. Ushbu navbatda tizim ichki jarayonlar oralig‘ida transparant/shaffoflikni yuzaga keltiradi hamda qaysi jarayon ko‘proq takomillashtirilishi kerakligini ko‘rsatib bera oladi. Bu esa, o‘z navbatida, rivojlanish hamda halqaro standartlarga tez vaqt mobaynida erisha olish hamda takomil tarzda ish yurita olishga zamin yarata oladi.

Maqolada bildirilgan fikrlar tahririyat nuqtai nazarini aks ettirmasligi mumkin.

Zaxriddin Toxirov, Daniyaning Grundfos A/S kompaniyasi tarmoqli ta’minotni boshqarish muvofiqlashtiruvchisi, «BUYUK KELAJAK» ekspertlar kengashi a’zosi.