O‘zbekiston Moliya vazirligi ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan Gulnora Karimovaning 1,2 mlrd dollarni respublika byudjetiga qaytargani to‘g‘risidagi xabarlarga munosabat bildirdi. Bu haqda Moliya vazirligi matbuot xizmati ma’lum qildi.

«Davlat byudjetiga undirilgan mablag‘larning fuqarolar kesimidagi hisobi Moliya vazirligi tomonidan yuritilmaydi. Bunda o‘tgan yili va joriy yilning birinchi yarmida ko‘rsatilgan miqdorda mablag‘lar byudjetga kelib tushmadi», — deyiladi xabarda.

Xususan, o‘tgan yili davomida davlat daromadiga o‘tkazilgan mol-mulk (valyuta mablag‘lari va zargarlik buyumlarini qo‘shgan holda) sotishdan tushumlar 163 mlrd.so‘mni yoki 20,2 mln. AQSH dollarini (o‘rtacha yillik kurs bo‘yicha) tashkil qildi.

Joriy yil birinchi yarmida esa davlat ixtiyoriga o‘tkazilgan mol-mulkni sotishdan 99,4 mlrd so‘m yoki 11,8 mln AQSH dollari (o‘rtacha kurs bo‘yicha) kelib tushdi.

23 iyun kuni «Gulnora Karimova jamoasi» deb nomlangan Instagram-sahifasida uning nomidan xat e’lon qilingan edi. Maktubda qayd etilishicha, Gulnora Karimova birinchi iltimosi bo‘yicha unga tegishli mablag‘larni mamlakatni rivojlantirish uchun hamkorlikni boshlagan.

Xatga ko‘ra, respublikaning birinchi prezidenti qiziga tegishli O‘zbekiston hududida bo‘lgan 1,2 mlrd dollarlik mol-mulklar respublika byudjetiga taqdim etilgan.

Avvalroq Shveysariya prokuraturasi Gulnora Karimova hisob raqamlarida muzlatib qo‘yilgan 130 mln shveysar kronasi (133,7 mln dollar) miqdoridagi mablag‘ O‘zbekistonga qaytarilishini ma’lum qilgan edi.