O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev matbuot va ommaviy axborot vositalari kuni munosabati bilan jurnalistlarga tabrik yo‘lladi. Tabrik matni davlat rahbari matbuot xizmati tomonidan e’lon qilindi.

«Barchamizga yaxshi ayonki, matbuot, ommaviy axborot vositalari ishi hamma zamonlarda ham og‘ir va mas’uliyatli bo‘lgan. Mamlakatimiz yangi taraqqiyot bosqichiga ko‘tarilayotgan, ochiqlik va oshkoralik, so‘z va fikr erkinligi hayotimiz mezoniga aylanib borayotgan hozirgi davrda bu mas’uliyat yanada kuchaymoqda», — deyiladi tabrikda.

Unda ta’kidlanganidek, keyingi paytda ommaviy axborot vositalarida mamlakat hayotidagi ijobiy o‘zgarishlar tahlili, sog‘lom tanqidiy ruh kuchayib bormoqda.

«Chunki bunday tendensiya islohotlarimiz samarasini oshirishga, jamoatchilik nazoratini, fuqarolarimizning ijtimoiy faolligini kuchaytirishga xizmat qiladi. Eng muhimi, barcha darajadagi rahbar va mutasaddilarni el-yurt fikri bilan, zamon talablari bilan hisoblashgan holda ishlashga o‘rgatadi», — deyiladi tabrikda.

«Albatta, o‘zining bilim va salohiyatiga, ishchanlik fazilatlariga ishongan rahbar tanqiddan qo‘rqmaydi, ommaviy axborot vositalari bilan hamkorlikni xalq bilan muloqotning samarali vositasi, deb biladi. Aslida ham bunday muloqot taraqqiyotimizni ta’minlaydigan eng asosiy omillardan biridir», — deya davom etdi prezident.

«Ayni vaqtda barchamiz bir haqiqatni unutmasligimiz zarur: axborot maydonidagi turli bahs va tortishuvlar, avvalo, haqqoniylik va xolislik tamoyillariga asoslanishi, qonun va odob qoidalari doirasida bo‘lishi, shaxsiy g‘araz va xusumatga, soxta obro‘ orttirish usuliga aylanib ketmasligi, inson shaxsi va sha’nini tahqirlashdan yiroq bo‘lishi, bunday salbiy holatlarga bizning media maydonimizda mutlaqo o‘rin bo‘lmasligi kerak», — deyiladi tabrikda.

Unda qayd etilishicha, «hayotimizdagi bugungi ulkan o‘zgarishlar, islohotlarimiz mantig‘i barchamizdan yangicha ishlashni, yangi g‘oya va tashabbuslar bilan maydonga chiqishni talab etmoqda».

Tabrikda keltirilishicha, «ommaviy axborot vositalarining moddiy-texnik bazasini, kadrlar salohiyatini mustahkamlash, milliy matbuotimizning xalqaro maydonda munosib o‘rin egallashiga erishish, Internet jurnalistikasini rivojlantirish, noshirlik ishi, kitob savdosi, obuna va targ‘ibot masalalarida butun dunyoda o‘zini oqlagan bozor mexanizmlarini keng joriy etish, ochiqlik va sog‘lom raqobat sharoitida ishlashga o‘rganish bo‘yicha birgalikda hali ko‘p ish qilishimiz kerak».

«O‘z navbatida, biz ommaviy axborot vositalarining faoliyat erkinligi kafolatlarini mustahkamlash, jurnalistlarning mashaqqatli mehnatini munosib baholash va rag‘batlantirish, jamiyatda demokratik prinsiplar, fikrlar va qarashlar rang-barangligini ta’minlash borasida olib borayotgan ishlarimizni albatta izchil davom ettiramiz», — deya ta’kidlanadi tabrikda.