Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi anjumanlar zalida O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligi mutasaddilari ishtirokida «Avia va avtomobil transporti infratuzilmasini, jumladan, jamoat transportini yanada rivojlantirish strategiyasi» mavzusida brifing bo‘lib o‘tdi.

Unda mamlakat transport tizimini rivojlantirish, aholiga ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatini yangi bosqichga olib chiqish, sohaga zamonaviy axborot kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumot berildi.

Tadbirda respublikaning geografik joylashuvida transport logistikasi juda muhim o‘rin tutishi qayd etildi. Mazkur yo‘nalishda mavjud infratuzilma xususida to‘xtalib o‘tildi.

«Hozirda mamlakatimiz temir yo‘llarida 24 mingta yuk vagoni, „O‘zbekiston havo yo‘llari“ tarkibida 2 ta yuk tashish uchun ixtisoslashtirilgan havo kemasi hamda xalqaro avtomobil yo‘nalishlarida yuk tashishga mo‘ljallangan 9 200 taga yaqin katta hajmli yuk avtotransport vositasi mavjud, — dedi Transport vaziri o‘rinbosari Ilhom Mahkamov. — Dastlabki o‘rganishlarga ko‘ra, respublikada yillik saqlash va qayta ishlash quvvati 3 mln tonnaga yaqin bo‘lgan 7 ta yirik xalqaro logistika markazi va 29 ta tovar-transport bazasi mavjud».

Ma’lum qilinishicha, 2018 yilda O‘zbekistonning tashqi yuk tashuvi aylanmasi 40 mln 548 ming tonnani, shundan eksport yuklari 10 mln 802 ming tonnani, import yuklari 21 mln 827 ming tonnani va tranzit yuklari 7 mln 918 ming tonnani tashkil etgan.

Jurnalistlar bilan mulovot davomida logistika sohasini rivojlantirish maqsadida qanday loyihalarni joriy etish rejalanayotgani bildirildi.

«Oldimizda O‘zbekistonning tranzit salohiyatini oshirib, uni Markaziy Osiyo mintaqasidagi transkontinental transport koridorlarining muhim tarkibiy qismiga qo‘shish vazifasi turibdi, — dedi Transport vaziri o‘rinbosari Davron Dehqonov. — Buni logistika markazlarini rivojlantirishga yetakchi xorijiy kompaniyalar va investorlarni jalb qilish orqali amalga oshirish ko‘zda tutilgan. Hozirda „Navoiy“ xalqaro aeroporti va xalqaro multimodal logistika markazi bazasida „Navoiy quruqlik portini tashkil etish“ bo‘yicha dunyoning yetakchi kompaniyalaridan biri „Dubai Port World“ kompaniyasi bilan muzokaralar olib borilmoqda».

Ushbu loyihani amalga oshirishdan ko‘zlangan asosiy maqsad O‘zbekistonni Markaziy Osiyoda yuk transport xabiga aylantirish, tranzit salohiyatini kengaytirish va logistika xarajatlarini kamaytirishdan iborat ekani ta’kidlandi.

Shuningdek, «Bir makon, bir yo‘l» global transport koridorlari doirasida «Andijon — O‘sh — Irkeshtam — Qashg‘ar» temir yo‘lini qurish va ushbu yo‘lni Sharq bilan G‘arbni bog‘lovchi asosiy temir yo‘lga aylantirish rejalanayotgani ma’lum qilindi.

Vazirlik vakillari Mazori Sharif — Hirot va Mazori Sharif — Peshavar temir yo‘llarini qurish orqali Hind okeanining portlariga chiqish va ishlab chiqaruvchilarimiz Hindiston, Pokiston, Eron kabi yangi bozorlarga chiqishiga imkon yaratish maqsad qilingani aytildi.