O‘zbekiston «Milliy tiklanish» demokratik partiyasi raisi Alisher Qodirov partiya deputati Qobul Do‘sovning ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokamalarga sabab bo‘lgan fikrlariga munosabat bildirdi.

Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumani Xalq deputatlari kengashi deputati Qobul Do‘sov ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokamalarga sabab bo‘layotgan bir qator postlar muallifi. Ulardan birida u: «Qachonki siyosatda ayollar bilan bolalar hukm yuritadigan payt kelsa, biling mamlakat tez orada parokanda bo‘ladi», — deb yozadi.

Deputat 25 iyun kuni Repost nashriga bergan intervyusida ayol prezidentlarga mutlaqo qarshi ekanini ta’kidlaydi. «Mamlakatning taraqqiy etishi ortiqcha hissiyotlarga berilmaydigan va har qanday vaziyatda qaror qabul qila oladigan erkaklar tabiatiga bog‘liq», — deydi u.

Chorshanba kuni «Milliy tiklanish» rahbari Alisher Qodirov Facebook-sahifasida «[Deputatning] ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokamaga sabab bo‘layotgan ayollar va yoshlar masalasidagi shaxsiy fikrlarini qoralayman», — deb yozdi.

«E’lon qilingan postlar uning shaxsiy fikrlari bo‘lib, ushbu fikrlar „Milliy tiklanish“ demokratik partiyasining maqsad va g‘oyalariga tamoman ziddir», — deya ta’kidladi Alisher Qodirov.

«Partiya ayollar va yoshlarni jamiyatimizning eng faol qatlami sifatida ko‘radi va ularga tayanadi. Tayyorlash jarayoni ketayotgan partiyaning saylovoldi dasturida ayollarga yanada qulayroq mehnat va turmush sharoitlari yaratish, xalqning dardini chuqurroq his qiladigan qatlam sifatida partiya faoliyatiga kengroq jalb qilishga alohida e’tibor qaratilmoqda», — dedi partiya rahbari.

Shu bilan birga, yangi talablar va keng vakolatlarga ega bo‘ladigan mahalliy kengashlarga partiya tomonidan taklif etiladigan nomzodlarning tafakkur salohiyati va dunyoqarashini jiddiy tahlil qilish ishlari yanada kuchaytiriladi, deya davom ettirdi Alisher Qodirov.

Keyinroq Qobul Do‘sovning o‘zi ham bayonot bilan chiqdi. U o‘zining siyosatdagi ayollar haqidagi fikrlari noto‘g‘ri talqin etilganini ma’lum qildi. Deputat ayollarning biznes, siyosat, ijtimoiy hayotdagi bandligini faqat qo‘llab-quvvatlashini ta’kidlab o‘tdi. «Men ushbu tendensiyani qo‘llab-quvvatlayman, ayollarning ijtimoiy faollashuvidan chin dildan xursand bo‘laman. Biroq ayollarning haddan ziyod ishlashi, o‘z salomatligi va o‘z oilasiga zarar yetkazishiga qarshiman. Mamlakat prezidenti lavozimi esa butunlay o‘zini bag‘ishlash, ishga to‘liq berilishni talab qiladi. Kam uyqu, oyiga o‘nlab uchrashuvlar, butun davlat devoni faoliyatini nazorat qilish. Axir ayol konchilar yoki ayol elektr ustalari deyarli yo‘q-ku. Aynan juda xavfli bo‘lgani sababli», — dedi u.

Qobul Do‘sov uning postlari va intervyusiga izoh bergan barchaga pozitsiyasidan qat’i nazar minnatdorchilik bildirdi.: «Menga xoh ijobiy, xoh salbiy bo‘lsin, har bir fikr ahamiyatli».