Toshkent IIBB o‘tgan hafta yakshanba kuni ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan itni o‘ldirish aks etgan video bo‘yicha tekshiruv o‘tkazdi. Bu haqda boshqarma matbuot xizmati xabar qildi.

Aniqlanishicha, itning 37 yoshli egasi Oqiljon I. tanishi 57 yoshli Ikrom B.ga olabay zotli itini otish iltimosi bilan murojaat qiladi. Oqiljonning so‘zlariga ko‘ra, iti «quturib», 16 yoshli qarindoshi Shuhrat A.ni tishlab olgan. Bunda Shuhrat shifokorga murojaat qilmagan.

Shanba, 22 iyun kuni taxminan 10:00 da it egasi kuchugini «Bektemir go‘sht kombinati» korxonasi hududiga olib boradi, bu yerda Ikrom B. itni «TOZ-34» rusumli ov miltig‘i bilan otadi. Qurol uning 35 yoshli o‘g‘li Chingiz B.ga tegishli bo‘lgan va 2018 yilda ichki ishlar organlari tomonidan ro‘yxatga olingan.

So‘ngra 39 yoshli Sergey Ch. Jonivor jasadini, o‘zining so‘zlariga ko‘ra, ovqat tayyorlash uchun go‘sht sifatida foydalanish maqsadida bo‘laklarga ajratadi.

Barcha jarayonni ularning tanishi bo‘lgan 24 yoshli Sardor X. telefonida tasvirga olib turadi. So‘ngra videoni o‘zining Instagram-sahifasiga joylashtiradi.

Sardor X. mazkur lavhalarni internetda tarqatish maqsadi bo‘lmaganini, biroq ta’qibchilaridan kimdir videoni baribir tarqatishini tushunib yetib, sahifasiga kirishni yopib qo‘yganini ma’lum qildi.

Hayvonlarga nisbatan shafqatsiz munosabatda bo‘lganlik uchun Bektemir tuman IIO FMB it egasi Oqiljon I. va uni otgan Ikrom B.ga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 111-moddasida («Jonivorlarga shafqatsiz munosabatda bo‘lish») ko‘zda tutilgan ma’muriy huquqbuzarlik bo‘yyicha bayonnoma tuzdi.

Bektemir tuman ma’muriy sudi ularni aybdor deb topdi. Ularning har biriga eng kam ish haqining 2 baravari (405460 so‘m) miqdorida jarima jazosi tayinlandi.

Sergey Ch.ga nisbatan MJTKning 161-moddasida («Shaharlarni va boshqa aholi punktlarini obodonlashtirish qoidalarini buzish») ko‘zda tutilgan ma’muriy qoidabuzarlik to‘g‘risidagi bayonnoma tuzildi. Bektemir tuman ma’muriy sudi unga EKIHning 1 baravari (202730 so‘m) miqdorida jarima tayinladi.

Sardor X. MJTKning 189−1-moddasida («Zo‘ravonlikni yoki shafqatsizlikni targ‘ib qiluvchi mahsulotni tayyorlash, olib kirish, tarqatish, reklama qilish, namoyish etish») ko‘zda tutilgan huquqbuzarlikni sodir etganlikda aybdor deb topdi. U EKIHning 50 baravari (10 mln 136 ming 500 so‘m) miqdorida jarimaga tortildi.

Bundan tashqari, o‘q otar qurollar va o‘q-dorilarni saqlash va olib yurish qoidalarini buzgani uchun ov quroli egasi Chingiz B.ga nisbatan MJTKning 221-moddasida («O‘qotar qurollarni ro‘yxatdan o‘tkazish (qayta ro‘yxatdan o‘tkazish) muddatlarini yoki ularni hisobdan o‘tkazdirib qo‘yish qoidalarini buzish») ko‘zda tutilgan huquqbuzarlik to‘g‘risidagi bayonnoma tuzildi.

Bektemir tuman ma’muriy sudi uni EKIHning 1/3 baravari miqdorida (67576 so‘m) jarimaga tortdi.