24 iyun kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasida «Jinoyat-ijroiya qonunchiligi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida"gi qonun loyihasi muhokama qilindi, deya xabar berdi parlament quyi palatasi matbuot xizmati.

Muhokama jarayonida deputatlar tomonidan nafaqat manzil-koloniyalaridagi, balki barcha jazoni ijro etish muassasalarida jazosini o‘tayotgan pensioner shaxslarga pensiya to‘lash tartibini joriy etish masalasini ko‘rib chiqish taklifi ilgari surildi. Ularning fikricha, Konstitutsiyaga muvofiq, har kim uchun ijtimoiy ta’minot olish huquqi kafolatlanadi. Qonun loyihasining amaldagi tahriri jazoni o‘tayotgan shaxslarning pensiya olishga doir huquqlarining to‘liq ta’minlanmayotgani qayd etildi.

Bugungi kunda ozodlikdan mahrum qilish joylarida jazoni o‘tayotgan pensiya yoshidagi shaxslarning umumiy soni qariyb 1000 nafarni tashkil etadi. Ushbu shaxslarga pensiya ta’minotining to‘xtatib qo‘yilishi, ularning qaramog‘ida bo‘lgan shaxslarning huquqlarini ta’minlashga ham ta’sir qiladi. Shu sababli, jazoni o‘tayotgan shaxslarning pensiyasini ishonchnoma asosida uchinchi shaxslar tomonidan olish tartibini ham ko‘rib chiqish taklif etildi.

Xorijiy davlatlar tajribasi shuni ko‘rsatadiki, Ispaniya, Chexiya, Norvegiya, Fransiya, Portugaliya, Germaniya, Gresiya, Niderlandiya, Shvesiya, Rossiya, Ukraina, Belarus kabi davlatlarda mahkumlarga yoshga doir, nogironlik va boshqa huquqiy asoslar bo‘yicha pensiya to‘lovini amalga oshirish tartibi belgilangan. Shu bilan birga, Belarus, Rossiya va Evropa Ittifoqi mamlakatlarida jazoni ijro etish muassasalaridagi oylik xarajatlarni (oziq-ovqat, kiyim-kechak, poyabzal va hokazo) qoplash uchun jazoni o‘tayotgan pensionerning pensiyasining bir qismi (pensiyaning 20 foizidan ko‘p bo‘lmagan miqdorda) hisobidan qoplash amaliyoti mavjudligi qayd etib o‘tildi.

«Muhokama davomida barcha jazoni ijro etish muassasalarida jazosini o‘tayotgan pensioner shaxslarning ijtimoiy ta’minotini yanada takomillashtirish, bu masalani qonun loyihasida aniq belgilash maqsadida qonun tashabbusi sub’ektiga tegishli takliflar berildi», — deyiladi xabarda.