Qozog‘istonning Turkiston viloyati Aris tumanidagi o‘q-dorilar omborida sodir bo‘lgan portlash natijasida O‘zbekistondan Olma Ota va Rossiya shaharlariga qatnovchi sakkizta yo‘lovchi poyezdi harakati to‘xtab qoldi. Bu haqda seshanba kuni «O‘zbekiston temir yo‘llari» matbuot xizmati xabar qildi.

Aris orqali harakat qayta tiklangunga qadar quyidagi reyslar to‘xtatildi:

  • №5/6 «Toshkent — Moskva»;
  • №149/150 «Andijon — Moskva»;
  • №315/316 «Toshkent — Qozon»;
  • №369/370 «Toshkent — Novosibirsk»;
  • №381/382 «Toshkent — Ufa»;
  • №365/366 «Toshkent — Chelyabinsk»;
  • №321/322 «Olma Ota — Nukus»;
  • №2/1 «Olma Ota — Toshkent».

Ushbu reyslarga chiptalarni sotib olgan yo‘lovchilar temir yo‘l kassasiga murojaat qilib, chipta pulini to‘liq qaytarib olishlari mumkin.

Dushanba kuni «Ufa — Toshkent» poyezdi Turkistonda to‘xtatilgan edi. Yo‘lovchilarga suv va oziq-ovqatlar berilmoqda, deyiladi TIV xabarida.