Prezident Shavkat Mirziyoyev 25 iyun kuni Olmazor tumanida bo‘lib, bu yerda barpo etiladigan G‘alaba bog‘i yuzasidan ko‘rsatmalar berdi, deya xabar qildi davlat rahbari matbuot xizmati. Fotosuratlardan ko‘rinib turibdiki, bog‘ni general-mayor Sobir Rahimov haykali qarshisida barpo etiladi. Yodgorlik o‘tgan yili Xotira va qadrlash kuni arafasida tarixiy joyiga qaytarilgan edi.

G‘alaba bog‘ini 2020 yilda Ikkinchi jahon urushidagi g‘alabaning 75 yilligi munosabati bilan barpo etish rejalashirilmoqda. Bu haqda Rossiya prezidenti Vladimir Putinning O‘zbekistonga tashrifi chog‘ida xabar qilingan edi.

«Bu bog‘ xalqimizning G‘alabaga qo‘shgan hissasini namoyon etishi, ota-bobolarimizning qahramonligini abadiylashtirishi kerak. Bu yerda Ikkinchi jahon urushi muhiti, vatandoshlarimiz qatnashgan janglar haqida ma’lumotlar aks etishi zarur», — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Loyihaga muvofiq, boqqa kirishda ramziy darvoza shaklida G‘alaba arkasi bunyod etiladi. Bog‘da urush davri manzaralari, jumladan, okop va blindajlar, palatkalar, dala oshxonalari va boshqa lavhalar aks etgan kompozitsion majmualar quriladi. O‘sha davrdagi harbiy texnika va qurol-yarog‘lar ko‘rgazmasi ochiq osmon ostidagi muzey vazifasini o‘taydi. Shuningdek, muzey, kutubxona, Wi-Fi zona, amfiteatr va kinoteatr tashkil etiladi.

O‘zbek ayolining matonati timsoli sifatida Zulfiya aya Zokirova, uning urushdan qaytmagan besh farzandi hamda beva qolgan to‘rt kelini xotirasiga bag‘ishlangan «Matonat madhiyasi» yodgorlik majmuasi o‘rnatiladi.

Mudofaa vazirligi, Madaniyat vazirligi, Fanlar akademiyasi, Badiiy akademiya, Toshkent shahar hokimligiga tarixchilar va jamoatchilik bilan maslahatlashib, G‘alaba bog‘ining konsepsiyasi loyihasini ishlab chiqish bo‘yicha topshiriqlar berildi.

«Bog‘ning ma’no-mazmuni, ekspozitsiyasini chuqur o‘ylash kerak. U faqat bayram kunlari emas, yil davomida ishlaydigan bo‘lsin. Bu yerga kelgan yoshlar o‘ziga bilim, ruh olsin, g‘urur-iftixor tuysin, bugungi tinchlikning qadriga yetib, vatanparvar bo‘lib ulg‘aysin», — dedi prezident.