Bosh prokuratura tomonidan Ichki ishlar vazirligi bilan hamkorlikda jinoyatlarni fosh etish yuzasidan tezkor-qidiruv va tergov tadbirlarini tashkil etish bo‘yicha kompleks choralar ko‘rildi.

Xususan:

— tizimli ravishda tezkor-qidiruv faoliyatining holati, hududlar kesimida jinoyatlarni fosh yetish masalalari muhokama qilinib, prokuratura va ichki ishlar organlari rahbarlarining bu boradagi faoliyatiga tanqidiy baho berilgan hisobotlari tinglanmoqda;

— Bosh prokuror va ichki ishlar vazirining birinchi o‘rinbosarlari rahbarligida joylarda amaliy yordam ko‘rsatish uchun Bosh prokuratura va IIV xodimlari tarkibidan doimiy faoliyat yuritadigan shtab va ishchi guruhlar, shuningdek jinoyatlarni tezkor fosh etish bo‘yicha hududiy ishchi guruhlar tuzildi;

— prokuror va IIB boshlig‘ining har bir fosh etilmagan jinoyat bo‘yicha hodisa joyiga chiqish tartibi joriy etildi;

— viloyat prokuraturasi apparatlarida jinoyat sodir etgan shaxs aniqlanmaganligi munosabati bilan to‘xtatish rejalashtirilgan jinoyat ishlarini o‘rganish, shuningdek, mas’ul xodimlarning tergov harakatlari natijalari va mazkur jinoyat ishlari bo‘yicha tezkor-qidiruv tadbirlari to‘g‘risidagi hisobotlarini muhokama qilish tartibi joriy etildi;

— tergov-qidiruv tadbirlarini faollashtirish bo‘yicha 13.648 ta yozma ko‘rsatma va 21.616 ta alohida topshiriqlar yuborildi;

— qidiruvda bo‘lgan shaxslarning qarindoshlariga ixtiyoriy ravishda kelish hollarida ehtiyot chorasini o‘zgartirish imkoniyati to‘g‘risida tushuntirish tadbirlari o‘tkazilib, buning natijasida qidiruvda bo‘lgan 311 ta shaxs bilan aloqa o‘rnatildi.

Ko‘rilgan choralar natijasida:

— joriy yilning 5 oyida o‘tgan yilning shu davriga nisbatan jinoyatlarning umumiy soni 12.171 taga yoki 30,4 foiz (17.484) ga kamaydi;

— o‘tgan yillardagi jinoyatlarni hisobga olgan holda, joriy yilning 5 oyida 12.179 ta fosh etilmagan jinoyatlar bo‘yicha qonuniy qaror qabul qilindi;

— 2018-yilda ro‘yxatga olingan 3.737 ta fosh etilmagan jinoyatlardan 1.759 tasi fosh etildi;

— o‘tgan yillarda jinoyat sodir etganlik uchun qidirilayotgan 834 nafar shaxs qo‘lga olingan, 802 ta jinoiy ish sudlarga yuborilgan;

— 2019-yilda ro‘yxatga olingan 12.171 ta jinoyatdan 11.906 tasi yoki 97,8 foiz fosh etilib, joriy yilda fosh qilinmagan jinoyatlar soni (265) 2018 yilga (1.026) nisbatan 74,1 foiz ga kamaydi;

— jinoyat sodir etgan 130 nafar shaxsning xorijiy davlatlardan ekstraditsiyasi ta’minlandi;

— joriy yilda sodir etilgan qotillik, bosqinchilik, nomusga tegish jinoyatlarini “issiq izlar” bo‘yicha o‘z vaqtida fosh etilishi ta’minlanmoqda;

Jumladan, Qamashi va Chiroqchi tumanlarida xususiy uylarga niqoblarda kirib, bosqinchilikni amalga oshirishga daxldor bo‘lgan 5 nafar shaxs qo‘lga olindi.

Yoki, Bekobod shahrida axlat yig‘ish punkti hududida 22.05.2019 yili o‘ldirilgan fuqaro R.M.ning shaxsi o‘rnatilib, qotillik fosh etildi;

— narkotik moddalarning noqonuniy aylanishi bilan bog‘liq 1.069 ta jinoyat aniqlandi, 258,5 kg. giyohvandlik moddalari musodara qilindi;

— 135 nafar bedarak yo‘qolgan shaxslarning turar joyi aniqlandi, shuningdek 31 nafar noma’lum murdaning shaxsi o‘rnatildi;

— xorijiy valyuta mablag‘larining noqonuniy aylanishiga oid 312 ta fakt aniqlandi, bu 2018-yilga (187) nisbatan 66,8 foiz ga ko‘pni tashkil qiladi.

Yil boshidan buyon 2,0 mln. AQSH dollaridan ortiq, 3,2 mlrd. so‘m va 435 mln. so‘mga teng boshqa chet yel valyutasi noqonuniy muomaladan chiqarildi.