Xalqaro “Olimpiya kuni” katta shodiyona bilan nishonlangach, Lozannada XOQning 134-sessiyasi ish boshladi. Unda kun tartiba qo‘yilgan eng asosiy masala 7 yildan so‘ng bo‘lib o‘tadigan qishki olimpiya o‘yinlariga mezbon shahar nomini aniqlash bo‘ldi. Bu haqda MOQ matbuot xizmati xabar berdi.

2026-yili o‘tkaziladigan olimpiadaga nomzod shaharlar orasida Italiyaning Milan va Kortina d’Ampetsso (birgalikda) hamda Shvetsiyaning Stokholm shaharlari so‘nggi bosqichigacha yetib kelishdi. Yakuniy ovoz berish natijalariga ko‘ra, XXV qishki Olimpiya o‘yinlariga Milan va Kortina d’Ampetsso shaharlari mezbon, deb topildi. Ushbu musobaqa 2026-yilning 6−22-fevral kunlari o‘tkaziladi.

Ma’lumot uchun, Kortina d’Ampetsso shahrining o‘zi 1956-yili VII qishki olimpiadaga mezbon bo‘lgan. Italiyaning boshqa bir shahri Turin 2006-yilgi qishki olimpiya o‘yinlarini qabul qilgan edi. Eslatib o‘tamiz, 2022-yilgi qishki olimpiada Xitoyning Pekin shahrida o‘tkaziladi.