Dushanba kuni ertalab Qozog‘istonning Turkiston viloyati Aris shahridagi harbiy qism hududidagi omborxona binosida yong‘in harbiy o‘q-dorilarning portlashiga sabab bo‘ldi. Bu haqda «Kazinform» xabar qildi.

Shaharda favqulodda holat e’lon qilinib, Arisidan uch yo‘nalishda lagerlar tashkil etilib, aholini evakuatsiya qilish boshlandi.

Yong‘inni bartaraf etishga Turkiston viloyati va Chimkent favqulodda vaziyatlar departamentlari o‘t o‘chirish bo‘linmalarining kuch va vositalari jalb qilingan.

Hodisa joyiga Qozog‘iston IIV Favqulodda vaziyatlar qo‘mitasi raisi Vladimir Bekker hamda viloyat hokimi Umirzak Shukeyev yetib borgan.

Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jomart Tokayev zudlik bilan hodisa oqibatlarini bartaraf etishni topshirdi. «Aholi xavfsizligini ta’minlash va portlash sabablarini aniqlash zarur», — dedi u.

Jabrlanganlar haqida ma’lumotlar yo‘q.