2020 yilning 5−7 may kunlari O‘zbekistonda BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi sohasidagi tashkilotining (FAO) Yevropa uchun 32-hududiy konferensiyasi o‘tkaziladi. Bu haqda Qishloq xo‘jaligi vazirligi matbuot xizmati xabar qildi. O‘zbekiston ilk bor ushbu tadbirda ishtirok etadi.

23 iyun kuni FAOning 41-sessiyasi oldidan bo‘lib o‘tgan uchrashuvlarda konferensiyani O‘zbekistonda o‘tkazilishiga doir tashabbus FAO hamda 51 ta Yevropa va Osiyo mamlakatlari qishloq xo‘jaligi vazirlari tomonidan qo‘llab-quvvatlandi.

O‘zbekiston FAOga 2001 yilda a’zo bo‘lgan. 2014 yilda Toshkentda tashkilot vakolatxonasi ochilgan.

FAOning strategik maqsadlari ochlikka qarshi kurash, qishloq xo‘jaligi, o‘rmonchilik va baliqchilikning hosildorlik va barqarorligini oshirish, qishloq hududlarida qashshoqlikni kamaytirishga hissa qo‘shishdan iboratdir.

Ayni paytda O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi vaziri Jamshid Xodjayev boshchiligidagi delegatsiya turli mamlakatlar, jumladan, Xitoy, Misr, Koreya, Ukraina, Qozog‘iston, AQSH, Chili singari davlatlar qishloq xo‘jaligi vazirlari va boshqa rasmiy doira vakillari bilan muzokaralar olib bormoqda.