O‘zbekiston Scaling Solar («Quyosh energetikasini kengaytirishi») dasturiga qo‘shilgan beshinchi mamlakatga aylandi, deya xabar qildi Jahon banki matbuot xizmati «Gazeta.uz"ga. Dastur ilk bor Afrika qit’asi sarhadlaridan chiqdi.

Scaling Solar — Jahon bankining hukumatlarga xususiyy sarmoyadorlarni jalb etgan holda yirik miqyosli quyosh energetikasi loyihalarini xarid qilish va ishlab chiqish bo‘yicha dasturi. U texnik yordam, hujjatlarni standartlashtirish hamda Jahon banki tashkilotlari tomonidan moliyalashtirishni dastlabki ma’qullash kabilarni o‘z ichiga oladi.

Hozirda dastur Zambiya, Senegal, Efiopiya va Madagaskarda 1,5 gigavattdan ortiq quyosh energiyasini ishlab chiqarishni qo‘llab-quvvatlamoqda.

Jahon banki matbuot xizmatining qayd etishicha, O‘zbekiston 1 gigavattgacha miqdorda quyosh energiyasini ishlab chiqarishni mo‘ljallamoqda. Jarayonda dastlab 100 megavatt energiya ishlab chiqarish bo‘yicha savdolar o‘tkaziladi. Scaling Solar dasturidan foydalanish bo‘yicha qaror ham qabul qilingan.

2018 yilning may oyida O‘zbekiston hukumati Jahon banki tarkibiga kiruvchi Xalqaro moliya korporatsiyasi (IFC) bilan Navoiy viloyatida 100 megavatt quvvatga ega fotoelektr stansiyasini moliyalashtirish, qurish va foydalanishga topshirish uchun xususiy investorni jalb qilish bo‘yicha davlat-xususiy sherikchilik loyihasini shakllantirish yuzasidan bitim imzolagan edi. So‘ngra O‘zbekiston Scaling Solar dasturidan foydalangan holda malakali nomzodlardan takliflarni jo‘natishga so‘rovni e’lon qildi.

IFC bosh direktori Filip Le Ueruning so‘zlariga ko‘ra, Scaling Solar Afrikaning Sahroi Kabiy cho‘li janubidagi mamlakatlarida qayta tiklanuvchi energiya manbalari bozoriga xususiy sarmoyadorlarni muvaffaqiyatli jalb etdi. «Uning kompleks va standartlashtirilgan yondashuvi O‘zbekiston va boshqa bozorlar uchun ulkan salohiyatni o‘zida namoyon etadi», — dedi u.

O‘zbekiston energetikasi tabiiy gazga kuchli qaram. Mamlakatda ishlab chiqarilayotgan elektr energiyasining 82 foizi issiqlik elektr stansiyalari hissasiga to‘g‘ri keladi. Hukumat mamlakatdagi energetik muvozanatni diversifikatsiya qilish va xususiy sarmoyalarni jalb qilish maqsadida qayta tiklanuvchi energiya sektorini rivojlantirishga katta e’tibor qaratmoqda.

Jahon banki ma’lumotlariga ko‘ra, Navoiy viloyatida fotoelektr stansiya qurilishi uchun 11 ta kompaniya o‘z takliflarini taqdim etishi uchun taklif qilib bo‘lindi. Natijalar joriy yil uchinchi choragida e’lon qilinadi. Loyiha Avstriya Moliya vazirligi hamda Shveysariyaning Iqtisodiy aloqalar bo‘yicha davlat kotibiyati ko‘magida amalga oshirilmoqda.