Erkin iqtisodiy va kichik sanoat zonalarini ichki avtomobil yo‘llari, suv tarmog‘i, tabiiy gaz quvurlari, umuman olganda, muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasi bilan ta’minlashda muammolar bor. Bu haqda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Sanoat, qurilish va savdo masalalari qo‘mitasi tomonidan tashkil etilgan yig‘ilishda ma’lum qilindi, deya xabar berdi O‘zA.

Tadbirda deputatlar erkin iqtisodiy va kichik sanoat zonalarida biznes sub’ektlarini joylashtirish, ularga imtiyoz va preferensiyalar berishni tashkiliy va huquqiy jihatdan tartibga solish masalalari bo‘yicha tegishli qonunchilik normalarining ijrosini Navoiy va Toshkent viloyatlari misolida o‘rgangani, sohada muammolar mavjudligini qayd etdi.

Ayni paytda respublikaning 12 ta hududida 21 ta erkin iqtisodiy zona tashkil etilgan. Bu mamlakatga xorijiy investitsiyalarni jalb qilish, hududlarni rivojlantirishni yangi bosqichga olib chiqish, zamonaviy ishlab chiqarish korxonalari va ish o‘rinlari tashkil etishda qo‘shimcha imkoniyatlar yaratdi.

Erkin iqtisodiy zonalarda to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi 670 loyiha mavjud bo‘lib, 191 loyiha amalga oshirilgan va buning natijasida 14 ming 539 yangi ish o‘rni tashkil etilgan. Shuningdek, 185 turdagi sanoat mahsulotlari ishlab chiqarilgan.

Toshkent viloyatining Angren shahri, Bo‘stonliq, Parkent, Quyi Chirchiq tumanlarida turizm, tibbiyot va baliqchilik yo‘nalishida erkin iqtisodiy zonalar tashkil etilgan. Shuningdek, viloyatning shahar va tumanlarida 19 ta faoliyat yuritmayotgan korxonalar va ishlab chiqarish maydonlari negizida 17 kichik sanoat zonasi faoliyati yo‘lga qo‘yilgan.

Qo‘mita a’zolarining Parkent tumanidagi kichik sanoat zonasidagi korxonalar hamda «Navoiy» erkin iqtisodiy zonalari faoliyati bilan tanishishlari davomida ma’lum bo‘lishicha, erkin iqtisodiy zonalar faoliyatini muvofiqlashtirishda davlat boshqaruvi organlari funksiyalarining takrorlanishi investitsiya loyihalarini amalga oshirish bilan bog‘liq tashkiliy masalalarni hal qilishning kechikishiga sabab bo‘lmoqda. Xususan, Parkent tumanidagi kichik sanoat zonasida o‘z yechimini kutayotgan masalalar borligi deputatlar tomonidan tanqid qilindi.

«„O‘ztransgaz“ AJ tomonidan „Angren“ erkin iqtisodiy zonasida amalga oshirilayotgan 2 ta loyihaning ishlab chiqarish maydonchalariga gaz tortish ishlari boshlanmagan, — deydi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Akmal Umaraliyev. — Optik tolali aloqa kabellari yo‘q. KSZ direksiyasi ma’muriy bino, moddiy-texnik baza va ish qurollari bilan ta’minlanmagan. Hududga olib keluvchi yo‘llar ta’mirtalab ahvolda. Parkent tumanidagi kichik sanoat zonasida suv va kanalizatsiya tizimida muammolar mavjud, zarur muhandislik-kommunikatsiya va ishlab chiqarish infratuzilmasi bilan ta’minlash borasida ham qator masalalar yechimini kutib turibdi. Buning natijasida erkin iqtisodiy zonalarga xorijiy investorlarni jalb qilish ishlari juda sust olib borilmoqda».

EIZ ishtirokchilari tomonidan xorijdan o‘z ehtiyojlari uchun olib kelingan xom ashyolarga va ularni qayta ishlab sotish natijasida hosil bo‘ladigan qo‘shimcha qiymatga 20 foizlik stavkada QQS to‘lanishi EIZ hududida yaratilgan bojxona va soliq imtiyozlari jozibadorligining yo‘qolishiga sabab bo‘lmoqda.

Ta’kidlanishicha, turli davlatlardan EIZ va KSZlariga har kuni investorlar keladi. Biroq ulardan bitta-ikkitasi investitsiya kiritadi, xolos. Ular yurtimizga investitsiya kiritmasligining asosiy sababi normalar o‘zgarib turishi va byurokratik to‘siqlar borligidir. Investorlar 2 ta muhim masalaga e’tibor beradi: erkin iqtisodiy zonalarning zarur muhandislik-kommunikatsiya va ishlab chiqarish infratuzilmasi bilan ta’minlanganligi va sohaning huquqiy asosi mavjudligiga. Normatuv huquqiy hujjatlar soni 10 dan ortiq, biroq sohaga oid mukammal qonun yo‘q.

«Erkin iqtisodiy va kichik sanoat zonalari eng chekka hududlarda tashkil etilmoqda, — deydi Toshkent viloyati hokimi o‘rinbosari Jamshid Abdusalomov. — Lekin yuqorida ta’kidlanganidek, ichki avtomobil yo‘llari, suv tarmog‘i, tabiiy gaz quvurlari, bir so‘z bilan aytganda, muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasi bilan ta’minlashda haqiqatdan ham muammolarimiz mavjud».

Normativ hujjatlarda buni qaysi tashkilot moliyalashtirishi kerakligi haqida aniq gap yo‘q. Shuning uchun investorlarni jalb etishda qiynalyapmiz. Turkiya va Xitoydan investorlar keldi. Ular 100−150 gektar yerni olib investitsiya kiritmoqchi. Ammo sohaga oid qonuniy asos yo‘qligini aytishmoqda.

Mutaxassislar aytishicha, O‘zbekiston prezidenti Administratsiyasi tomonidan «Maxsus zonalar to‘g‘risida"gi qonun loyihasi ishlab chiqilmoqda. Bu qonun kuchga kirishi bilan yuqorida ta’kidlangan muammmolar bartaraf etiladi.